Mamlakatimizda keyingi yillarda futbol bo‘yicha katta yuksalishlarga erishilgani qilingan ishlarda, qo‘lga kiritilgan yutuqlarda o‘z aksini topmoqda.
Milliy terma jamoamizning Jahon chempionatida ishtirok etishi, Olimpiya terma jamoamizning "Parij-2024" Olimpiadasida qatnashgani, yoshlar va o‘smirlar jamoalarimizning nufuzli musobaqalarda munosib natijalar qayd etib kelayotgani o‘zbek futboli rivojlanayotganidan dalolat.
[gallery-24999]
Shu kunlarda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan jahon futbolining yaqin o‘tmishdagi yorqin vakillari Roberto Karlos, Marko Materatssi, Duglas Maykon, Frank Riberi, Klod Makalele, Kristian Zakkardo bilan muxlislar, jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan suhbatlarda mazkur fikrlar bot-bot tilga olindi.
Muloqotlar jarayonida dunyo futboli vakillari milliy terma jamoamizning Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqqani bilan tabriklab, bu, O‘zbekistonda sport, xususan futbol rivojiga, uning ommaviyligini ta’minlashga, iste’dodli yoshlarni tayyorlashga berilayotgan alohida e’tibor, qo‘llab-quvvatlashning mahsuli ekanini bildirishdi.
O‘tkazilgan suhbatlardan so‘ng taniqli futbolchilar poytaxtimizdagi “Bunyodkor” futbol akademiyasi faoliyati bilan tanishdi, yosh charm to‘p ustalari bilan amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston hamda jahon futboli afsonalari ishtirokida o‘rtoqlik o‘yini tashkil etildi.
O‘zbek futbolining yorqin vakillari Mirjalol Qosimov, Odil Ahmedovlar hamda Roberto Karlos, Duglas Maykon, Frank Riberi, Klod Makalelelar qarama-qarshiligidagi o‘yin har jihatdan qiziqarli o‘tdi. Tomoshabinlarga bir olam zavq ulashdi. Do‘stona ruhda kechgan o‘yinda hamyurtlarimiz 6:5 hisobida zafar quchdi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (surat)
O‘zA