Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston hamda Bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengash hamkorligi kengaytiriladi
17:40 / 2023-10-21

Bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengash 2017 yil 2 noyabrda Maltada tashkil etilgan.

Kengash tinchlik va bag‘rikenglik madaniyatini yuksaltirish, kamsitish, diniy murosasizlik, millatchilik kabi illatlarga qarshi kurashish, tinchlikka erishish uchun bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlash maqsadida huquqiy me’yorlarni takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan. Kengash bu borada BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qiladi.  

Mazkur kengash prezidenti Ahmad bin Muhammad Al-Jarvon mamlakatimizga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida mehmon Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashdi. 

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi hamkorlikning yuqori o‘sish sur’atlari alohida ta’kidlanib, bunda davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar hal qiluvchi o‘rin tutayotgani qayd etildi.  

A.Al-Jarvon bag‘rikenglik va tinchlikni mustahkamlash g‘oyalarini ilgari surish maqsadida asosan milliy parlamentlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgan o‘zi rahbarlik qilayotgan xalqaro nodavlat tashkilot haqida ma’lumot berdi.  

O‘zbekistondagi boy madaniy-tarixiy  meros va ko‘p asrlik bag‘rikenglik an’analari, shuningdek, barcha sohalarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar  Bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengashning mamlakatimiz bilan hamkorligini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.  

– O‘zbekiston hozirda Markaziy Osiyodagi barcha jarayonlarda yetakchi rol o‘ynayotganini yaxshi bilamiz, - dedi A.Al-Jarvon. –   Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi tashqi siyosati ishonch inqirozini yengib o‘tish imkonini berdi va bugungi kunda O‘zbekiston rahbarining g‘oya va tashabbuslari atrofida mintaqa uchun umumiy yondashuvlar qurilmoqda, bu esa tashkilotimizning maqsadlariga hamohangdir.  

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengash o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy jihatdan kengaytirishga kelishib olindi.  

           

N.Abduraimova,  

O‘zA