Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada kuchaytirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli kafolatlash, qonun ustuvorligi hamda ijtimoiy adolatni ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ushbu islohotlarning muhim yo‘nalishi bo‘lgan sud-huquq tizimini liberallashtirishning hozirgi bosqichida hakamlik sudlari nizolarni muqobil hal qilishning fuqarolar va tadbirkorlar ishonchiga sazovor bo‘ladigan instituti sifatida qaror topdi va samarali faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Hakamlik sudlari Assotsiatsiyasi raisi Hamza Mahmudov Xitoy xalqaro iqtisodiy va savdo arbitraj komissiyasining hakamlar hay’atiga minglab nomzodlar orasidan besh yil muddatga saylandi. Bu O‘zbekiston arbitraj institutining xalqaro miqyosida tan olinishidir.
Xitoy xalqaro iqtisodiy va savdo arbitraj komissiyasi (CIETAC) dunyodagi doimiy faoliyat yurituvchi yirik hakamlik institutlardan biridir.
Ilgari Tashqi savdo arbitraj komissiyasi sifatida tanilgan tuzilma 1956 yil aprel oyida Xitoy Xalqaro savdoni rag‘batlantirish kengashi (CCPIT) huzurida Tashqi savdo arbitraj komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorga binoan Xitoy Kengashi tarkibida tashkil etilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslar hamda qonun hujjatlariga binoan teng huquqli sub’ekt sifatida qaraladigan boshqa tashkilotlar bilan bog‘liq nizolarni hal qilish bo‘yicha xizmatlarni taklif qilish, hukumatlarning, xalqaro tashkilotlarning va boshqa muassasalarning ichki va chet eldagi vakolatlari to‘g‘risidagi ishlarni qabul qilish, tomonlarning kelishuvi va iltimosiga binoan institutsional yoki institutsional hakamlik sudyalarini tayinlash kabi talablarga binoan xizmatlar ko‘rsatish komissiyaning asosiy funksiyalariga kiradi.
Shu bilan birga, parlamentlarga tegishli qonun hujjatlari va qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar bo‘yicha huquqiy xulosalar va tavsiyalar berish, Tijorat va investitsiya hakamlik sudlarida tadqiqotlar o‘tkazish va boshqa muqobil nizolarni hal qilish, mahalliy va xalqaro almashinuvni va hakamlik sudlarida ishtirok etishni rivojlantirish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.
Mamlakatimiz vakilining komissiya hakamlar hay’atiga saylanishi sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan ilohotlarning yana bir xalqaro e’tirofi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zA