INSEAD va Portulans Institute tomonidan e’lon qilinadigan "Global Talent Competitiveness Index" (GTCI) jahon talant raqobatbardoshligi reytingida O‘zbekiston uchun muhim burilish kuzatildi: mamlakat ilk bor Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida 1-o‘rinni, global reytingda esa 71-o‘rinni egalladi.
Bu ko‘rsatkich mamlakatning talantlarni tayyorlash, jalb etish va rag‘batlantirish borasidagi salohiyati ortib borayotganini anglatadi.
Mintaqada keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (72-o‘rin) va Qirg‘iziston (87-o‘rin) qayd etilgan.
"GTCI 2025"da mamlakatlar daromad guruhlari bo‘yicha ham taqqoslangan. Ushbu bo‘limda O‘zbekiston “quyi o‘rta daromadli mamlakatlar” orasida birinchi o‘ringa chiqdi.
Bu O‘zbekistonning iqtisodiy toifasida kadrlar salohiyati bo‘yicha eng ilg‘orlar qatoriga kirganini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning "GTCI 2025" reytingidagi natijasi mamlakatning kadrlar salohiyatiga berilgan global baho. Mintaqada yetakchilikni qo‘lga kiritish va daromad toifasida birinchi o‘ringa chiqish O‘zbekistonning barqaror islohotlari, innovatsion siyosati hamda yoshlar salohiyatiga berilayotgan katta e’tibor natijasi.
Bu ko‘rsatkichlar kelajakda O‘zbekistonni raqobatbardosh iqtisodiyot, innovatsion hudud sifatida mustahkamlaydi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA