O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev boshchiligidagi delegatsiya Gruziya Respublikasining ta’lim, fan va yoshlar vazirining birinchi o‘rinbosari Giorgi Modebadze bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi oliy va yuqori darajada erishilgan kelishuvlarga asosan, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yangi tashabbuslar ilgari surildi. Tomonlar o‘rtasida ta’lim va fan yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, Gruziyadan uch nafar talaba O‘zbekistonda muvaffaqiyatli ta’lim olayotgani qayd etildi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti va Gruziyaning Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani va bu doirada kolleksion uzumzor barpo etish hamda “Uzumchilik va vinochilik” yo‘nalishi bo‘yicha magistrantlar uchun stajirovkalar tashkil etish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Muzokaralar natijasida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida birinchi rektorlar forumini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu forum ikki mamlakat akademik hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirildi.
Shuningdek, Gruziya abituriyentlarining O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga kirish jarayonini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu O‘zbekiston ta’lim sohasining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish va ta’lim xizmatlarini eksport qilish yo‘nalishida muhim qadam bo‘ladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA