So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Gruziya aloqalari ikki va ko‘p tomonlama asosda jadal rivojlanmoqda. 2023 yil 5 dekabr kuni Tbilisida bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvda hamkorlikning joriy holati ko‘rib chiqilib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda sheriklik ko‘lamini kengaytirish istiqboli muhokama qilingan edi. O‘sha yil O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foiz oshgani qayd etilgan. Savdo va investitsiya aloqalarini rivojlantirish maqsadida 2023 yil 18 iyulda tashkil etilgan Ishbilarmonlar kengashi shu yil 18 fevral kuni o‘zining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olib, ishbilarmonlik missiyalarini tashkil etish, qo‘shma tashabbuslar ishlab chiqishga kelishib olishdi.
Yana bir muhim ma’lumot: davlatlarimiz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog‘lovchi transport yo‘lagi barpo etishni maqsad qilgan. Ushbu tashabbus O‘zbekiston logistika markazlari va Gruziya dengiz portlaridan unumli foydalanish orqali eksport-import jarayonini yengillashtirish, shu tariqa mintaqaviy savdo yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan.
2019 yil Toshkentda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Gruziya temir yo‘l boshqarmalari rahbarlari birinchi ishchi yig‘ilishi o‘tkazilgan. Davlatlar o‘rtasida imzolangan tarif imtiyozi to‘g‘risidagi kelishuv tranzit tashuvini kengaytirdi. 2020 yil yanvar oyidayoq Qirg‘izistonning Qorasuvidan O‘zbekiston orqali Gruziyaning Batumi shahriga yuk tashish sinovi muvaffaqiyatli kechdi. 2022 yil 16-17 mart kunlari Toshkentda “Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa” xalqaro multimodal yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha olti davlat temir yo‘l ma’muriyati rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yil 5 mart kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi Hukumat delegatsiyalari uchrashdi. Muloqot davomida tovar ayirboshlash hajmi va tarkibi ikki mamlakat salohiyatiga mos emasligi tan olindi. Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim imkoniyatidan to‘liq foydalanish orqali yaqin yillar ichida savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi. Bu maqsadga erishish uchun to‘qimachilik, poyabzal va charm, elektrotexnika, oziq-ovqat, rangli va qora metal, meva-sabzavot, kimyoviy mahsulotlar, qurilish materiallari savdosini kuchaytirish taklif etildi. Qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, ta’lim, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi. Mazkur tashabbuslar har ikki mamlakat manfaatiga mos kelishi ma’qullandi.
Hududlararo aloqalar hamkorlikning muhim yo‘nalishi ekani qayd etildi. Shu nuqtai nazardan Samarqand va Batumi, Buxoro va Msxeta o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik o‘rnatilishi davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabat rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi. O‘rta yo‘lak mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. Gruziya Bosh vaziri o‘z mamlakatining tarixan Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik joylashuvini ta’kidlab, Gruziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi faol hamkorlik har ikki davlat uchun katta foyda keltirishiga ishonch bildirdi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tashrif transport yo‘laklari orqali mintaqalararo aloqani rivojlantirib, O‘zbekiston va Gruziya, shuningdek Markaziy Osiyo bilan Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama sheriklik ravnaqiga kuchli turtki beradi.
Sardor Rahimov,
TDSHU Xalqaro munosabatlar kafedrasi magistranti