Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston global transport-logistika tarmog‘iga integratsiyalashmoqda
10:26 / 2024-07-24

O‘zbekiston Respublikasini xalqaro transport tizimiga uyg‘unlashtirish davlat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Bu borada mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlab qo‘yilgan respublikamizning jahon hamjamiyati, eng avvalo Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan do‘stona hamkorligi, konstruktiv va o‘zaro manfaatli munosabatini yo‘lga qo‘yish vazifasi muhim va dolzarb ahamiyatga ega.

Masalan, “Transport to‘g‘risida”gi qonunda “transport tizimini mamlakat iqtisodiyotining strategik sektori sifatida rivojlantirish, shuningdek xalqaro hamkorlikni kengaytirish va majmuani xalqaro transport tizimiga uyg‘unlashtirish” belgilangan.

Mintaqaning transport-tranzit salohiyati hududning geostrategik holati – tarixan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tagan “Buyuk Ipak Yo‘li” orqali ta’minlanishi ekspertlar va tahliliy markazlar tomonidan doim o‘rganib kelinadi. Zero transport-kommunikatsiya loyihalari amalga oshirilib, Markaziy Osiyoga yirik dengiz portlari va jahon bozori bilan bog‘lanish imkonini berish ustuvor vazifa. Mintaqa orqali tovarlarni tashish uchun shart-sharoit yaratishdek muhim masala tashqi siyosiy-iqtisodiy faoliyatimiz mazmunini tashkil etadi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning 18-19 iyul kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida davlat rahbarlari Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladilar. Yetakchilar muloqotlar yakunini yuqori baholab, mintaqada transport bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatni faollashtirishga kelishib oldilar. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi strategik loyihasi bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangani tarixiy voqea bo‘lgani e’tirof etildi.

Shu nuqtai nazardan transport-tranzit sohasidagi mazkur global tashabbusni uch davlat milliy transport majmuasini xalqaro tizimga uyg‘unlashtirilishiga, umumiy salohiyatni oshirishga xizmat qiladigan bitim, deya e’tirof etish o‘rinli.

Mazkur hujjat asosida dastlab Qirg‘iziston hududidagi qism, ya’ni “Qoshg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon” yo‘lagi  quriladi. Buning uchun Maxsus qo‘shma loyiha kompaniyasi tuziladi. Bitim shartlari bajarilishini muvofiqlashtirish, “Yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlash, barcha masalalarni hamjihat hal etish transport vazirliklariga yuklanadi. Moliyaviy masalalar loyihani tegishli texnik-iqtisodiy asoslash negizida hal etiladi.

Pekin shahrida 2024 yil 6 iyun kuni imzolangan ushbu uch tomonlama Bitim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlandi.

Xitoy va O‘zbekiston hukumatlari hamda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining “Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilishi to‘g‘risidagi Bitim tomonlarning ikki va ko‘p tomonlama darajada qabul qilingan siyosiy-huquqiy xujjatlari va xalqaro shartnomalarining uzviy davomi hisoblanadi.

Binobarin, mazkur temir yo‘l loyihasini birgalikda amalga oshirish barobarida O‘zbekiston va Qirg‘iziston transport yo‘laklarini rivojlantirish maqsadida yangi loyihalarni o‘rganish uchun ekspertlar guruhi tashkil etishga kelishib oldi.

Uch tomonlama hukumatlararo Bitim esa transport sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalar qatori milliy transport majmuasini xalqaro transport tizimiga uyg‘unlashtirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Komil Rashidov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti

sho‘’ba mudiri