Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston: global muloqot va tinchlik me’mori
11:03 / 2026-02-23

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi hamda Vashingtonda o‘tkazilgan Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi ishtiroki mamlakatimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash va yetakchi jahon markazlari bilan diplomatik muloqotni kengaytirishda muhim bosqich sifatida e’tirof etilmoqda.

O‘zA muxbiri mazkur amaliy tashrifning strategik ahamiyati, muzokaralar yakunlari va respublikamizning yangi xalqaro formatlardagi ishtiroki xususida Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktori Sanjar Valiyev bilan suhbatlashdi.

– Ayting-chi, hozirgi xalqaro vaziyat va global siyosiy transformatsiya sharoitida O‘zbekiston Prezidentining AQSHga tashrifi qanday strategik ahamiyatga ega?

– Avvalo shuni ta’kidlash joizki, Amerika Qo‘shma Shtatlari global miqyosda eng qudratli davlat bo‘lib qolmoqda. U harbiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda dunyodagi barcha jarayonlarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Shak-shubhasiz, AQSHning ushbu mavqei yaqin istiqbolda ham saqlanib qoladi. Xalqaro maydonda qanday murakkab o‘zgarishlar sodir bo‘lmasin, Vashingtonning ishtiroki voqealar rivojini belgilab berishi ehtimoli yuqori.

Binobarin, yangi geosiyosiy sharoitda rivojlanayotgan davlatlar o‘z barqarorligi va taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqda. Shu nuqtai nazardan, Oq uy ma’muriyati bilan oliy va yuqori darajadagi bevosita aloqalar O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosatiga daxldor keng ko‘lamli masalalarni hal etishda muhim diplomatik vosita hisoblanadi. Hozirgi bosqichda biz yaqin hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi istiqbollar ochish hamda Markaziy Osiyodagi islohotlardan kelib chiqqan holda dolzarb takliflarni ilgari surish imkoniyatiga egamiz.

Amalda O‘zbekiston va AQSH hamkorligi uchta asosiy yo‘nalishda rivojlanmoqda:

Ikki tomonlama munosabatlar: jadal yuksalib borayotgan va o‘zining yuqori samaradorligini isbotlagan strategik sheriklik.

Mintaqaviy hamkorlik: keyingi yillarda izchil rivojlanayotgan "C5+1" formatidagi ko‘p tomonlama muloqot.

Global tashabbuslar: global muammolarni hal etish maqsadida yaqinda ta’sis etilgan mutlaqo yangi platforma — Tinchlik kengashi.

Bugungi kunda mamlakatimiz AQSH bilan birgalikda muayyan diplomatik platformalarni tanlagan holda, turli masalalarni ushbu mexanizmlar orqali samarali hal etish salohiyatiga ega. Ilgari bunday imkoniyatlar mavjud emas edi. Bu — Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining strategik afzalligidir. Davlatimiz rahbari milliy manfaatlar yo‘lida mazkur imkoniyatlar uyg‘unligidan oqilona foydalanmoqda. Bunday sa’y-harakatlarning amaliy samarasi esa fuqarolarimiz turmush sifati yaxshilanayotganida, yurtimizdagi barqarorlik va izchil taraqqiyotda o‘z aksini topmoqda.

– G‘azodagi murakkab gumanitar vaziyat infratuzilmani tiklash va aholiga yordam berish uchun xalqaro hamjamiyatning birlashgan sa’y-harakatlarini talab etmoqda. Urush oqibatida vayronaga aylangan hududlarni qayta tiklash uchun resurslar va xalqaro ko‘makni safarbar etishda Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishi qanchalik samarali bo‘ldi?

– Darhaqiqat, Vashingtonda 19-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining ilk sammiti, mubolag‘asiz, zamonaviy tarixdagi olamshumul voqea bo‘ldi. Xalqaro amaliyotda yangi formatdagi yirik tashkilot paydo bo‘ldi va o‘z faoliyatini boshladi.

Mazkur tuzilma BMT va shu kabi an’anaviy xalqaro institutlardan farq qilishi lozim. Sammit ishtirokchilari ham aynan shu fikrni qo‘llab-quvvatladilar. Tinchlik kengashining o‘ziga xosligi shundaki, u nizoli hududlardagi ziddiyatlarni tartibga solish hamda xalqlarning tinch-totuv yashashi uchun mustahkam poydevor yaratish yo‘lida tezkor va amaliy chora-tadbirlarga asosiy e’tiborni qaratadi. Xususan, G‘azodagi vaziyatni barqarorlashtirish Kengashga asos solgan davlatlar rahbarlari uchrashuvining bosh mavzusiga aylandi. Sammitda 47 ta davlat delegatsiyasi ishtirok etgani uning naqadar muhimligidan dalolat beradi. Bu ko‘rsatkich uch hafta oldin Davosda, Kengashning tashkil etilish jarayonidagi ishtirokchilar sonidan qariyb ikki barobar ko‘pdir.

Uchrashuv yakunida mintaqani demilitarizatsiya qilish, qo‘shinlarni olib chiqish va vaziyatni normallashtirish bo‘yicha xalqaro koalitsiya tuzish yuzasidan aniq to‘xtamga kelindi. Eng muhimi, G‘azoni qayta tiklash jamg‘armasi uchun salmoqli mablag‘ shakllantirildi. Barcha muhim jihatlar 20 banddan iborat Yakuniy deklaratsiyada o‘z aksini topdi. Ushbu hujjatda mavhum fikrlar emas, balki aniq belgilangan harakatlar rejasi bayon etilgan.

Ishonch bilan aytish mumkinmi, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va qat’iy qarorlari bo‘lmaganida, G‘azodagi gumanitar inqiroz yanada ayanchli tus olishi mumkin edi. Muqaddas Ramazon oyining ilk kunlarida iqtisodiy yuksalish yo‘liga kirgan "Yangi G‘azo"ni barpo etish borasida tarixiy qadam qo‘yildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tinchlik kengashining asoschilaridan biri sifatida ushbu tadbirda ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari Vashingtonga G‘azo aholisi uchun nihoyatda zarur bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar paketi bilan bordi. Uy-joylar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab va tibbiyot muassasalarini bunyod etish bo‘yicha takliflar bevosita tang ahvolda qolgan insonlarga ko‘mak berishga qaratilgan. Turkiya, Ozarbayjon va Afg‘onistondagi tiklash ishlarida orttirilgan boy tajribamizga tayangan holda, biz yana bir bor xalqimizga xos yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyish etmoqdamiz.

– Davlat rahbarlarining muzokaralari ko‘p hollarda uzoq muddatli strategik sheriklikka poydevor yaratadi va kelgusidagi siyosiy-iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab beradi. Fikringizcha, qaysi kelishuvlarni oliy darajadagi muzokaralarning eng muhim natijalari sifatida baholash mumkin?

– Sammit ko‘lami oliy darajadagi ikki tomonlama kun tartibini to‘liq qamrab olishga imkon bermasa-da, davlatimiz rahbari Vashingtonda AQSH ma’muriyatining iqtisodiy bloki va ishbilarmon doiralari vakillari bilan nihoyatda muhim muloqotlar o‘tkazdi.

Jumladan, AQSH Savdo vaziri Govard Latnik bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qiymati 35 milliard dollar bo‘lgan uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturining ijrosi yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tashrifning ishchi dasturi doirasida AQSH hukumati va moliya institutlari vakillari, shuningdek, Amerikaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan samarali uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar yakunida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha muhim hujjatlar imzolandi:

zamonaviy AYOQSH tarmoqlarini barpo etish;

yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish;

strategik minerallarni qazib olish va yetkazib berish;

parrandachilik klasterlarini tashkil etish;

agrosanoat majmuasini rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilash.

Kelgusi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida muhim xom ashyo resurslari, neft kimyosi, energetika, transport, axborot texnologiyalari va moliya sohalari belgilab olindi. Ishbilarmonlik va investitsiya kengashi doirasidagi faoliyatning istiqbolli rejalari aniqlandi. Shubhasiz, AQSH Prezidenti va uning ma’muriyatidagi mas’ul shaxslar bilan o‘tkazilgan muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikni jadal rivojlantirish uchun yangi sur’at bag‘ishlaydi. Ko‘rib turibmizki, davlatimiz rahbarining xorijiy tashriflari doimo aniq amaliy xususiyatga ega. Bunday safarlar har gal yangi kelishuvlarga erishish, yirik loyihalarni boshlash va yurtimiz iqtisodiyotiga qo‘shimcha investitsiyalar hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb etish bilan yakunlanmoqda.

– Mazkur sammitdagi ishtirok O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlari va global muloqotni ilgari surishdagi o‘rnini qay darajada ifodalaydi?

– Tinchlik kengashi sammiti haqidagi fikrni davom ettirgan holda ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va mamlakatimizga bo‘lgan ishonch tobora ortib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, so‘nggi yillarda biz tashqi siyosatdagi strategik maqsadimizga erishdik — O‘zbekiston bugun jahon hamjamiyatining mas’uliyatli, mustaqil va teng huquqli a’zosiga aylandi.

Xalqaro munosabatlarning faol sub’ekti sifatida mamlakatimiz o‘z so‘ziga ega, chegaralari mustahkam va xalqaro majburiyatlariga sodiq davlat sifatida e’tirof etilmoqda. Yangi O‘zbekiston Tinchlik kengashida aynan shunday nufuzli ishtirokchi sifatida namoyon bo‘lib, eng nozik global masalalar bo‘yicha umumiy maqsadlarga munosib hissa qo‘shishini tasdiqladi. Diplomatiyamiz izchil ravishda konstruktiv muloqotni taklif etmoqda, buning natijasi esa real yechimlar va amaliy qadamlarda o‘z aksini topishi lozim.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tobora muhim xalqaro anjumanlar va diplomatik uchrashuvlar maydoniga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda yaratilgan siyosiy muhit ikki va ko‘p tomonlama murosa yo‘llarini topish hamda o‘zaro manfaatli qarorlar qabul qilish uchun maqbul platforma hisoblanadi. Shu bois, "Toshkent yechimlari", "Samarqand ruhi", "Termiz muloqoti" kabi iboralar xalqaro siyosatshunoslar lug‘atidan mustahkam o‘rin oldi.

Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, mintaqaviy va global muammolar yechimiga qaratilgan tarixiy qarorlar qabul qilinishi uchun kelgusida Tinchlik kengashi sammitlaridan biriga mamlakatimiz mezbonlik qilishi ehtimoli juda yuqori.

– O‘z xalqaro maqomini mustahkamlashga intilayotgan davlatlarning diplomatik strategiyalari bilan qiyoslaganda, O‘zbekiston jahon siyosati maydonida mintaqaviy muvozanatni saqlash bosqichidan ancha nufuzliroq maqomga ko‘tarilayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Bu borada sizning fikringiz qanday?

– Menimcha, bu jarayonni bir-biri bilan uzviy bog‘liq ikki yo‘nalishning parallel harakati sifatida talqin qilish lozim. Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston jahon siyosatida shunchaki geosiyosiy ustunlikka erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymagan. Bunday yondashuv na konseptual hujjatlarimizda, na siyosiy muloqot strategiyamizda aks etgan.Biroq, mamlakatimiz Markaziy Osiyoga ta’sir ko‘rsatadigan global jarayonlarga nisbatan befarq kuzatuvchi bo‘lib qola olmaydi. Shu bois, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ma’rifat, diniy bag‘rikenglik, yoshlar va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish kabi umuminsoniy masalalar yuzasidan tizimli va strategik tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Mintaqaviy siyosatimizning bosh maqsadi — Markaziy Osiyoni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, transport-logistika, energetika va innovatsiyalar bo‘yicha global xabga aylantirishdan iborat. Shu nuqtai nazardan, Tinchlik kengashi sammitidagi ishtirok O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizni global vaziyatni barqarorlashtiruvchi va konstruktiv muloqot markaziga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Albatta, bu sa’y-harakatlar zamirida yangi iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda yirik infratuzilmaviy loyihalarda ishtirok etish kabi pragmatik manfaatlar ham mujassam.

Tinchlik kengashining birinchi sammiti haqida gapirganda, shuni qayd etish lozimki, mazkur format shunchaki navbatdagi diplomatik forum emas. U tinchlik va investitsiyaviy barqarorlikni ta’minlovchi, eng murakkab global muammolarga yechim topa oladigan ta’sirchan tuzilmaga aylanishni ko‘zlamoqda. Ushbu platformaning muvaffaqiyati nafaqat ishtirokchi davlatlar, balki xalqaro ko‘makka muhtoj barcha insonlar uchun manfaatli bo‘ladi. Bunday ezgu maqsad yo‘lidagi intilishlar esa doimo o‘zini oqlaydi. Zero, xalqimiz donolik bilan ta’kidlaganidek: “Harakatda — barakat”.

Aziza Alimova suhbatlashdi.

O‘zA