Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– O‘zbekiston keyingi yillarda tinchliksevar, ochiq va muvozanatli tashqi siyosat yuritib, xalqaro maydonda ishonchli va mas’uliyatli sherik sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda.
Davlatimiz tomonidan mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, global muammolarni muloqot va hamkorlik yo‘li bilan hal etish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlar jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy baholanmoqda.
Ayniqsa, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim va innovatsiya sohalarida izchil kengayib bormoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifi ana shu jarayonlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Vashington shahrida o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar mamlakatimiz tashqi siyosatining amaliy natijalarga yo‘naltirilganini yana bir bor namoyon etdi.
Davlatimiz rahbari Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida nutq so‘zlab, G‘azo sektorini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qayta tiklash va mintaqada barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha o‘z qarashlarini ilgari surdi.
Bu tashabbus O‘zbekistonning xalqaro maydonda faol, mas’uliyatli va tinchlikparvar davlat sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Zero, mamlakatimiz nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosdagi muammolarga befarq emasligini, ularni muloqot va hamkorlik orqali hal etish tarafdori ekanini amaliy takliflar bilan namoyon etmoqda.
G‘azo sektorini ijtimoiy-iqtisodiy tiklash masalasida bildirilgan pozitsiya O‘zbekistonning insonparvarlik tamoyillariga sodiqligini, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida ko‘rishini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatimizni xalqaro munosabatlarda ishonchli, konstruktiv va tashabbuskor sherik sifatida yanada mustahkam pozitsiyaga olib chiqadi.
Tashrif doirasida yurtboshimiz AQSH savdo vaziri, savdo vakili, Eksimbank rahbariyati hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori bilan atroflicha va mazmunli uchrashuvlar o‘tkazib, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan ustuvor masalalarni muhokama qildi.
Muloqotlar chog‘ida o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish, strategik loyihalarni qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, sanoat, energetika, infratuzilma va yuqori texnologiyalar sohalarida yangi tashabbuslarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ilg‘or innovatsion yechimlar va zamonaviy boshqaruv tajribasini O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilish, xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash hamda moliyaviy institutlar ishtirokini kengaytirish yuzasidan amaliy kelishuvlarga erishish masalalari ko‘rib chiqildi.
Aynan shu muzokaralarning mantiqiy davomi sifatida AQSH moliya institutlari va yirik kompaniyalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi. Bu esa, O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida ikki tomonlama hujjatlar imzolangani va qo‘shma loyihalar taqdimoti o‘tkazilgani esa iqtisodiy sheriklikning so‘zda emas, amalda mustahkamlanayotgani, O‘zbekiston-AQSH munosabatlari amaliy natijalar bosqichiga o‘tayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur amaliy tashrif O‘zbekistonning global iqtisodiy va siyosiy jarayonlardagi ishtirokini yanada faollashtirish, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash hamda strategik sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni chuqurlashtirish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.
Erishilgan kelishuv va tashabbuslar mamlakat iqtisodiyotiga yangi investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, sanoatni modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish hamda yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan tarmoqlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur tashrif O‘zbekistonning tinchliksevar va konstruktiv tashqi siyosat yuritayotgan, global muammolarga yechim taklif qila oladigan faol davlat sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamladi.
N.Abdurimova, O‘zA