French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Germaniyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori
21:43 / 2023-09-28

Yevropa Ittifoqining ta’sischi davlatlaridan biri, 84 milliondan ziyod kishi istiqomat qiladigan Germaniya Yevropa Ittifoqi hududidagi aholi eng zich joylashgan mamlakat. Kuchli innovatsion salohiyati, eksportga yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadigan ushbu davlat iqtisodiyoti YeIda birinchi, dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti taxminan 4 trillion dollar yoki jahon ulushining 4,5 foizini tashkil qiladi. Sanoatida 4 tarmoq – avtomobilsozlik, mashinasozlik, kimyo va elektrotexnika ustuvor hisoblanadi.

Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar orasidagi eng ishonchli va muhim savdo sheriklaridan biri sanaladi. Aloqalar yildan-yilga rivojlanib borishida davlat rahbarlarining o‘zaro rasmiy tashriflari muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbarining mazkur mamlakatga navbatdagi amaliy tashrifi munosabati bilan O‘zA muxbiri o‘zaro aloqalar, jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlik xususida Germaniya iqtisodiyoti bo‘yicha Markaziy Osiyodagi vakolatxonaning respublikamizdagi idorasi – “German Industry and Commerce” bosh direktori Otabek OLIMJONOV bilan suhbatlashdi.

– Otabek aka, dastlab O‘zbekiston – Germaniya hamkorligi, xususan, iqtisodiy aloqalarimizning joriy holati haqida gapirib bersangiz?

– Germaniya O‘zbekistonning yetakchi strategik hamkorlaridan biri sanaladi. Ayniqsa, keyingi yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hamda gumanitar sohalarda rivojlanayotgan munosabatlar Yevropa Ittifoqi doirasidagi konstruktiv muloqot samarasida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Quvonarli jihati shundaki, nemis kompaniyalarining butun mintaqaga, xususan, nafaqat xomashyo va ishlab chiqarish salohiyati, balki mehnat resurslariga ham boy O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortmoqda.

– Nemis biznesi vakillari O‘zbekistonda yaratilgan sarmoyaviy muhitdan qay darajada xabardor? Umuman bu borada ular qanday fikrda?

– Nemis biznesi vakillari O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarga nafaqat ijtimoiy tarmoq orqali, balki mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Germaniya kompaniyalari vakillari, shuningdek, biz kabi hamkorlar tomonidan tashkil etilgan o‘zaro safarlar orqali ham ega bo‘lishadi. Masalan, tuzilmamiz tomonidan yurtimizdagi iqtisodiy vaziyat, biznes yuritish imkoniyati bo‘yicha turli shaklda seminarlar o‘tkaziladi. Ularda potensial investorlar, mamlakatda filial yoki vakolatxona ochmoqchi bo‘lgan kompaniyalar uchun imtiyoz va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot beramiz. Aytib o‘tish joiz, nemis ishbilarmonlari moliyaviy investitsiya yoki biznes-reja kabi masalalarga juda ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Masalan, erkin iqtisodiy zonalarda taqdim etilgan imtiyozli shart-sharoitlarga xayrixohlik bilan qaraydi.

O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida olib borilayotgan islohotlar Germaniya kompaniyalarining qiziqishini oshirmoqda. Binobarin, global miqyosdagi investitsiyalar uchun jiddiy raqobat mavjudligini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Shu ma’noda qabul qiluvchi mamlakatda xorijiy biznes uchun sharoitni muntazam yaxshilab borish zarurati nuqtai nazaridan ayni yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirish juda muhim, deb o‘ylayman.

– Hozir mamlakatimizda Germaniyaning qanday yirik investorlari faoliyat yuritmoqda va bu borada qaysi soha yoki tarmoqlar ustuvor hisoblanadi?

– O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritayotgan korxonalar sifatida “KNAUF”, “Falk Porsche Fiberglass”, “Falk Porsche Technik GmbH”, “Papenburg Uzbekistan”, “SIEMENS Energy”, kabi yirik kompaniyalarni sanab o‘tish mumkin. Bunday biznes sub’ektlari soni yil sayin ko‘paymoqda. Mahsulot va xizmatlar turi haqida gap ketganda qurilish materiallari va kabel mahsulotlari ishlab chiqarish, asfalt, texnologiya, ta’lim kabi muhim yo‘nalishlar yetakchi ekanini aytish mumkin. Umuman, ko‘plab yangi sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar izchil davom ettirilyapti.

– Prezidentimizning joriy yil may oyidagi Germaniyaga tashrifi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalar rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

– O‘zbekiston rahbarining mazkur tashrifi juda samarali kechganini alohida ta’kidlash kerak. Oliy darajadagi tadbirlar oldidan ikki davlatning ko‘plab korxona va kompaniyalari rahbarlari, yirik ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Anjuman davomida “yashil” energiya, kimyo, farmatsevtika, transport, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va boshqa sohalarni qamrab olgan 9 milliard dollarlik savdo, investitsiya va texnologiya shartnomalari tuzildi. Iqtisodiyot, savdo, moliya, fan, ta’lim va innovatsiya sohalarida 16 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Bunday yirik xalqaro tadbirlar ishbilarmonlik aloqalarini yanada kengaytirish, o‘zaro savdoni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga qo‘shma investitsiya loyihalarini, turli tashabbuslarni ilgari surish istiqboli va imkoniyatini aniqlash imkonini beradi, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ikki tomonlama izchil sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot va xizmat ayirboshlash miqdori so‘nggi 5 yil ichida ikki barobar ortib, birinchi marta 1 milliard yevrodan oshdi.

– Yaxshi bilamiz, mamlakatimizda Germaniya kapitali ishtirokida 200 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonlik tadbirkorlarning Germaniyadagi biznesi haqida qanday ma’lumotlar bor? Mamlakatimizning ushbu davlatga eksporti qaysi yo‘nalishlarni qamrab olgan?

– Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi asosiy iqtisodiy hamkori hisoblanadi. O‘z navbatida, respublikamiz Germaniyaning Markaziy Osiyodagi eng muhim savdo sherigi. Yurtimizga kirib keladigan nemis tovarlari umumiy hajmidagi asosiy ulush mashina va uskunalar, kimyo va tegishli mahsulotlar, transport vositalari uchun ehtiyot qismlar, o‘lchash va nazorat qilish uskunalariga to‘g‘ri keladi.

YeI tomonidan berilgan “GSP+” umumiy imtiyozlar tizimining benefitsiar maqomi doirasida O‘zbekiston Germaniyaga meva-sabzavot, ho‘l va quritilgan meva, yong‘oq, pomidor, to‘qimachilik mahsulotlari, tayyor kiyim-kechak, shuningdek, sanoat tovarlarining ayrim turlarini eksport qiladi. “GSP+” maqomi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan keng assortiment – 6 mingdan ortiq nomdagi tovarlar uchun pasaytirilgan tarif qo‘llashni nazarda tutadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil O‘zbekistonning Germaniyaga eksportida to‘qimachilik mahsulotlari 33, kimyoviy mahsulotlar (o‘g‘itlar) 14, sanoat (ayrim turdagi metall va elementlar) mollari 12, meva-sabzavot 9 foizni tashkil etgan.

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 28-30 sentyabr kunlari Germaniyaga tashrifi o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishda qanchalik muhim, deb o‘ylaysiz?

– Iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish uchun siyosiy darajadagi, ayniqsa, oliy darajadagi muloqotlar, shaksiz juda muhim. Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniya Federativ Respublikasiga navbatdagi tashrifi ham tarixiy voqealarga boy bo‘lishi kutilyapti. Xususan, ikki tomonlama muzokaralar davomida iqtisodiyotimizni kuchaytirishga qaratilgan – davlatlarimiz o‘rtasida ayrim tovar, xizmatlarni litsenziyalash yoki sertifikatlash bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish, bojxona to‘lovi va yig‘imlarini kamaytirish, muayyan qoidalarni tartibga solish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etishga doir aniq amaliy ishlar uchun zamin yaratiladi, degan umiddaman. Bu har ikki mamlakat uchun ham foydali va samarali bo‘ladi.

O‘zA muxbiri

Go‘zal SATTOROVA 

suhbatlashdi.