O‘zbekiston to‘qimachilik va moda sanoatining jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va eksport salohiyatini kuchaytirish yo‘lida faol islohotlar olib bormoqda.
Shuningdek, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish natijasida milliy to‘qimachilik sanoatini zamonaviy standartlar va texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda mazkur yo‘nalishda Germaniyaning “Gesamtmasche” uyushmasi bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu esa sohadagi innovatsiya va malakali kadrlar tayyorlash jarayonlariga ijobiy ta’sir etadi.
"O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi hamda Germaniyaning “Gesamtmasche” tashkiloti vakillari bilan o‘tkazilgan galdagi uchrashuvda 2023-2025 yillarda hamkorlikda amalga oshirilgan “GUZ Partners” loyihasi doirasida erishilgan yutuqlar va loyihaning keyingi bosqichida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, “GUZ Partners” loyihasi doirasida 2023-2025 yillarda 25 ta o‘quv seminari, 8 ta ixtisoslashtirilgan tadbirlar o‘tkazilib, 2 000 nafardan ziyod soha mutaxassisining malakasi oshirilgan.
Mazkur loyiha yurtimiz to‘qimachilik sanoatida malakali kadrlar tayyorlash, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati imiji hamda eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar galdagi rejalarni belgilab oldi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA