Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Germaniya: Tibbiyot sohasida hamkorliklarning yangi davri boshlanmoqda
21:22 / 2019-09-27

Poytaxtimizda “CARO – 2019” II Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi o‘z ishini boshladi.

“Markaziy Osiyoda jahon radioonkologiya sohasidagi yutuqlarni o‘zlashtirish tajribasi va istiqbollari” mavzuiga bag‘ishlangan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Amerika, Shveysariya, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi mamlakatlardan onkolog va fizik-radiologlar ishtirok etmoqda.

Kongress ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev, Germaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld va boshqalar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorliklarning mustahkamlanib borayotgani tibbiyot yo‘nalishida xalqaro tajriba va yutuqlarni o‘rganish hamda amaliyotga tatbiq etishda keng yo‘l ochganini, bunga esa Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressining Toshkentda o‘tkazilishi an’anaga aylanayotgani yorqin misol ekanini ta’kidladi.

– “CARO – 2019” Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi tashkil etilishi yurtimizdagi islohotlar ijrosi bilan chambarchas bog‘liq, – dedi “OPASCA German Oncology Solutions GmbH” kompaniyasining Toshkentdagi “OPASCA GOS Central Asia” sho‘’ba kompaniyasi bosh direktori Aleksey Arapov. – Unda ishtirokchilar zamonaviy nur terapiyasining istiqbollarini muhokama qiladi, xorij tajribasi va Markaziy Osiyo mamlakatlarida bu jarayondagi muammolar tahlil etiladi. Dasturda yuzdan ortiq ma’ruzalar jamlangan. Turkiya, Amerika, Shveysariya, Belarus davlatlari ishtirokchilari bu yil safimizga qo‘shilgani kongressning imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat bermoqda.

– Ushbu kongressda qatnashish men uchun sharaf, – dedi Germaniyadagi Shtutgart klinikasi professori Mark Myunter. – Albatta, bunga O‘zbekiston va Germaniya davlatlari rahbarlarning tashrifi va unda erishilgan kelishuvlar asosiy sababdir. Tibbiyotdagi o‘zaro hamkorliklarni, xususan, “OPASCA German Oncology Solutions GmbH” kompaniyasining tashabbusi bilan yurtingizda amalga oshirilayotgan loyihani biz qo‘llab-quvvatlaymiz. Yana bir muhim gap. O‘zbekistonni Germaniya xalqi yaqindan tanimoqda. Ularning yurtingizda sayohat qilishga ishtiyoqi baland. Shu ma’noda o‘tkazilayotgan kongress biz va xorijliklar uchun yana bir imkoniyatdir. Ertaga men kongressda insonlarda uchraydigan o‘pka o‘smalari va ularni davolashning zamonaviy usullari haqida o‘z tajribamni ishtirokchilar bilan bo‘lishaman.

Eslatib o‘tamiz, ushbu kongress O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi, “Uventa Plus” kompaniyasi, Germaniyaning “OPASCA German Oncology Solutions GmbH” kompaniyasi, uning Toshkentdagi “OPASCA GOS Central Asia” sho‘’ba kompaniyasi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Kongressning ikkinchi kungi tadbiri Toshkent viloyatida o‘tkaziladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA.