Tibbiyot xabarlari
Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniyaga xizmat safari doirasida Berlin shahrida joylashgan “Sharite” universiteti klinikasi direktori doktor Yoaxim Zeybold hamda bosh shifokori Martin Krays bilan uchrashdi. Vazirlik matbuot xizmati bu haqda batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Aytish joizki, mazkur shifo maskani nafaqat Germaniya, balki butun dunyoda dovruq qozongan. Klinika kampusining umumiy maydoni 540 ming kvadrat metrdan iborat. 3011 nafar bemor o‘rniga ega. 15 ming nafardan ziyod ishchi-xodimlar faoliyat yuritadi. Ular orasida o‘ndan ziyod Nobel mukofoti sovrindorlari ham bor.
Bu yerda yiliga yuz minglab bemorlar davolanadi. Qolaversa, muassasada tibbiyot sohasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib boriladi, innovatsion kashfiyotlar yaratiladi.
Qolaversa, Germaniyadagi birinchi raqamli mazkur klinika amaliyotchi shifokorlar va ilmiy xodimlarni o‘qitish, zamonaviy diagnostika hamda davolash usullarini joriy etish, o‘ta murakkab klinik holatlarni davolashda boy tajribaga ega.
E’tiborli jihati, “Sharite” klinikasi O‘zbekistondagi qator tibbiyot muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan erishilgan o‘zaro kelishuvga muvofiq, mutaxassislar malakasi oshirilib, mahorat darslari tashkil qilinmoqda.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va “Sharite” klinikasi o‘rtasida telemeditsina sohasida imzolangan memorandum asosida hamkorlik aloqalari izchil davom ettirilyapti.
Bundan tashqari, Sharite va Robert Kox universitetlari klinikalari bilan hamkorlikda mamlakatimizda “Robert Kox – Ibn Sino” tibbiyot fondi tashkil etilgan.
Vazir bilan davom etgan qizg‘in muzokaralar yakunida 2024 yil mart oyidan boshlab “Sharite”da onkogematologiya, xirurgiya, neyroxirurgiya, pediatriya kabi qator sohalarda tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash, ularning malakasini oshirish, innovatsion diagnostika va davolash usullarini joriy qilish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish kabi qator masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, klinika rahbariyati o‘rta tibbiyot xodimlarini o‘qitish borasida ham hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Vazir Jahon sog‘liqni saqlash sammitida ma’ruza qildi
Germaniya poytaxti Berlin shahri yirik xalqaro tadbirga mezbonlik qildi – Jahon sog‘liqni saqlash sammiti bo‘lib o‘tdi.
“Sog‘liqni saqlash sohasida global sa’y-harakatlarni belgilovchi yil” mavzusiga bag‘ishlangan bu yilgi anjumanda 100 dan ortiq davlatdan 500 nafardan ziyod ma’ruzachilar ishtirok etdi. Ular orasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining ham bor bo‘lgani quvonarlidir.
Bu nufuzli tadbir global sog‘liqni saqlash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro darajadagi strategik anjumandir. U butun dunyodan siyosat, ilm-fan, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati vakillarini bir maydonda birlashtirib, hamkorlik va ochiq muloqotni mustahkamlaydi, jahonda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Sammit kun tartibi tibbiyot sohasiga doir barcha global yo‘nalishlarni qamrab olgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Shu bois u bahs-munozaralar, savob-javoblar va amaliy takliflarga boy o‘tdi. Anjuman doirasidagi dastlabki tadbirlar – tibbiyotning qator yo‘nalishlarini qamrab olgan plenar yig‘ilishlarda vazir Amrillo Inoyatov ma’ruza qildi. Ma’ruzada O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tibbiyot sohasini transformatsiya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijalari haqida so‘z yuritildi.
“Barchani tibbiy xizmatlar bilan to‘liq qamrab olish: markazdan olis va chekka qishloqlargacha – transformatsiya, innovatsiyalar va moliyalashtirish orqali o‘zaro tafovutni bartaraf etish” deb nomlangan ma’ruzada, avvalo, yurtimizda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida olib borilayotgan yangilanishlar haqida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, 2022 yilda 17,5 mingta tibbiy brigada tashkil etildi, birlamchi tizimga 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimi uchun shtatlar ajratildi.
Ommaviy patronaj ko‘riklari o‘rniga maqsadli patronaj tizimi joriy qilindi. “Bir qadam” tamoyili asosida tibbiy xizmatlar xalqqa yaqinlashtirildi. Jumladan, JSST tavsiyalari asosida aholi punktiga 3-5 km. masofada joylashgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari barpo etildi.
Davriy profilaktik ko‘riklar va tibbiy skrining tekshiruvlarini o‘tkazish tizimli yo‘lga qo‘yildi. 46 ta tumanlararo perinatal markazlari ochilib, 500 grammli chala tug‘ilgan bolalar parvarishi uchun sharoit yaratildi.
Shuningdek, yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalari, xususan, murakkab kardioxirurgiya va transplantatsiya amaliyotlarini tumanlar darajasida bajarish yo‘lga qo‘yildi.
Binobarin, yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidan ham aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan ustuvor maqsadlar o‘rin oldi. Bularning barchasi aholi salomatligini mustahkamlashda davlatimizning roli ulkan va beqiyos ekanligini ifodalaydi.
Shu bilan birga, sog‘lom turmush tarzi, kasalliklar profilaktikasida o‘ziga xos tizim bo‘lgan mahalla instituti ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Jahon bo‘yicha sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni samarali hal etish uchun, avvalo, tibbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishga sarmoya kiritish yuzasidan takliflar bildirildi.
O‘z navbatida vazirning chiqishi yig‘ilish ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilar tomonidan O‘zbekiston tibbiyotidagi transformatsiya jarayonlari yuksak baholanib, sohadagi yutuqlar e’tirof etildi.
Shuningdek, A. Inoyatov sammit doirasida Germaniya federal vaziri Karl Lauterbax, Jahon sog‘liqni saqlash sammiti prezidenti Aksel Pris va boshqa qator mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlari bilan muloqotda yaqin kelajakdagi istiqboldagi rejalarni muhokama qilib, hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Respublika otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari markazida “Heinemann Medizintechnik” akademiyasi ochiladi
Vakillarimizning navbatdagi uchrashuvi “Heinemann Medizintechnik” kompaniyasining boshqaruv direktori Frank Shpilner bilan bo‘lib o‘tdi.
Gamburg shahri yaqinidagi Kaltenkirxen hududida joylashgan mazkur yirik korxona tashkil etilganidan buyon o‘tgan 30 yil davomida LOR uskunalari ishlab chiqaruvchi sub’ektdan yuqori sifatli tibbiy asbob-uskunalar tayyorlovchi va yetkazib beruvchi Yevropaning yetakchi kompaniyalaridan biriga aylandi.
Hozir “Heinemann Medizintechnik” tibbiyot muassasalarini zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlash, mutaxassislar tayyorlash va innovatsion g‘oyalarga sarmoya kiritish bo‘yicha katta xalqaro tajribaga ega.
Kompaniya 10 yildan ziyod davr mobaynida O‘zbekiston va Germaniyaning sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorligini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Shu yil may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Germaniya xalqaro sog‘liqni saqlash forumida “Heinemann Medizintechnik” ham faol ishtirok etgan hamda 20-22 iyul kunlari janob Frank Shpilner boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga tashrifi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi va kompaniya o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Shunga muvofiq, mamlakatimizdagi qator davlat tibbiyot muassasalarini LOR diagnostika uskunalari bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda.
Muloqot davomida yurtimizda yangi tashkil etilgan Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qoshida “Heinemann Medizintechnik”ning o‘quv-amaliy akademiyasini ochish, markazni kompaniyaning yuqori sifatli zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, o‘zaro hamkorlikda kadrlar tayyorlash, O‘zbekiston shifoxonalarida tibbiy texnologiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha elektron platforma yaratish kabi masalalar ko‘rib chiqilib, qator kelishuvlarga erishildi.
Tashrif asnosida vakillarimiz kompaniyaning ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Shuningdek, yurtimiz delegatsiyasi “Weinmann Emergency Medical Technology” kompaniyasi rahbariyati bilan ham uchrashdi.
Mazkur kompaniya shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatlari, favqulodda vaziyatlar uchun sun’iy nafas olish uskunalari, ekstremal sharoitlarda foydalanishga mo‘ljallangan innovatsion va qulay tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uning yuqori sifatli mahsulotlari dunyo bozorida “Germaniyada ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bilan qadrlanadi va e’tirof etiladi.
Hozir kompaniyaning Atlanta, Dubay, Madrid, Parij, Sankt-Peterburg, Shanxay kabi shaharlar va Singapurda filiallari bor. 120 dan ziyod davlatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Muloqot davomida mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalarini “Weinmann Emergency Medical Technology” asbob-uskunalari bilan jihozlash masalalari muhokama etildi va o‘zaro hamkorlikka oid kelishuvga erishildi.
Tibbiyot muassasalarini ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlashga doir loyiha takliflari ko‘rib chiqildi
“Philips” – dunyo bo‘yicha eng mashhur brendlardan biri. Hozir shu yorliq ostida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy diagnostika uskunalari hamda bemorlar salomatligini monitoring qilish va kuzatish texnologiyalaridan jahon bo‘ylab keng foydalanilmoqda. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ushbu kompaniyaning Germaniyadagi vakolatxonasi rahbariyati bilan muloqotda o‘zaro hamkorlik istiqbollari, xususan, yurtimizdagi qator tibbiyot muassasalarini shunday ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlashga doir loyiha takliflarini ko‘rib chiqdi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA