Avval xabar berilganidek, davlatimiz rahbari Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan, joriy yil 2-3 may kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Prezidentimizning GFRga tashrifi arafasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Berlin shahrida investorlar, yirik kompaniya va banklar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, “Commerzbank” boshqaruvchi direktori Kristian Toben bilan videokonferensaloqa tarzida kechgan muzokarada Yevropaning eng yirik moliya muassasalaridan biri va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. Mamlakatimizda to‘qimachilik sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi kredit yo‘li ochish muhokama qilindi.
“Knauf International” bosh direktori Uve Knotzer bilan suhbatda kompaniyaning O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish istiqboli ko‘rib chiqildi. Bunga, boshqa yo‘nalishlar qatori, qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatini xususiylashtirish hisobiga erishish imkoniyati o‘rganildi.
“Bohlen Industrie” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Ekbert fon Bolen Und Xalbax bilan O‘zbekistonda kimyo sanoati mahsulotlari ishlab chiqaradigan yangi quvvatlar tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
“Lasselsberger Group” egasi Jozef Lasselsberger bilan muzokara chog‘ida O‘zbekistonda qurilish materiallari sanoatida yangi loyihalar amalga oshirish, xususan, yirik formatli keramogranit ishlab chiqaruvchi zavod qurishga kelishib olindi.
O‘zA