O‘zbekiston – Germaniya: “Milliy urug‘chilik kuni” o‘tkaziladi
Urug‘chilikni rivojlantirish markazida O‘zbekiston – Germaniya iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ekspertlar muloqot dasturi rahbari Anton van Engelen boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida tomonlar hozirgi kunda urug‘chilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari va tajriba almashish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Xususan, 2026 yilning fevral-mart oylarida “Milliy urug‘chilik kuni” tadbirini o‘tkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Mazkur kun doirasida ozuqabop ekinlar bo‘yicha xorijiy ekspertlar ishtiroki ta’minlanib, Urug‘chilikni rivojlantirish markazining faoliyati, olib borilayotgan amaliy ishlar va yangi loyihalar bo‘yicha konsepsiya taqdimoti o‘tkazilishi belgilandi.


Shuningdek, Germaniyada urug‘chilik va seleksiya yo‘nalishlarida amaliy malaka oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Qayd etilganidek, mazkur tashabbus mutaxassislarning tajribasini boyitish, ilg‘or xalqaro yondashuvlarni o‘rganish va ularni mamlakatimiz amaliyotiga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA