Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Germaniyaning Bavariya davlat boshqaruvi maktabi hamda Xanns Zaydel fondi bilan hamkorlikdagi «O‘zbekiston – Germaniya hokimlikka tayyorlash maktabi» ochildi.
Davlat boshqaruvi akademiyasi «Davlat boshqaruvining siyosiy asoslari» kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori(PhD) Go‘zal Sa’diyeva ushbu maktab ochilishining ahamiyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Germani Federativ Respublikasi kansleri Olaf Shols tomonidan «O‘zbekiston – Germaniya hokimlikka tayyorlash maktabi» ochilishiga start berildi.
Mazkur marosimda videoaloqa orqali mamlakatlar yetakchilariga loyiha haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlash kerakki, loyihaning asosiy maqsad va vazifalari mamlakatimiz hududlarida boshqaruv kadrlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish borasidagi salohiyatini oshirishdan iborat.
Aytib o‘tish kerakki, dunyoning rivojlangan mamlakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida qo‘shma dasturlar doimiy amalga oshirilmoqda.
Mazkur O‘zbekiston va Germaniya qo‘shma dasturining akademiyada amalga oshirilayotgan boshqa dasturlardan farqi shundaki, unda hokimlar tayyorlanadi.
Tinglovchilarga davlat boshqaruvining siyosiy-huquqiy, iqtisodiy asoslari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tashqi savdo masalalari, investitsiyalarni jalb qilishga oid nazariy va amaliy bilimlar bilan birga turli zamonaviy mavzulardagi o‘quv-treninglari olib boriladi.
O‘quvlar yakuni bilan qo‘shma loyiha ishtirokchilari Germaniyaning Bavariya davlat boshqaruvi maktabiga stajirovkaga yuboriladi.
Umuman olganda, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida hokimlarni tayyorlash milliy maktablari tajribasi keng yo‘lga quyilgan. Misol uchun, «hokimlik maktablari» AQSH, Germaniya, Rossiya kabi davlatlarda faoliyat yuritadi. Ushbu maktablar hududlarni boshqarishda bevosita ishtirok etuvchi davlat fuqarolik xizmatchilari (ayrim davlatlarda mer, gubernator deb yuritiladi)ni malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar hududlardagi boshqaruv kadrlarini bugungi kun islohotlari, yangiliklari va innovatsiyalari bilan hamohang bo‘lishlarini taqozo qiladi.
Jumladan, «O‘zbekiston - 2030» strategiyasining «Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini «Xalq xizmatidagi davlat» tamoyili asosida tashkil etish» to‘g‘risidagi 78-maqsadida «davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish siyosati doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining kamida 30 foiz vazifa va funksiyalarini mahalliy ijro organlariga o‘tkazish» vazifasi qo‘yilgan. Buni amalga oshirish uchun, avvalambor, mahalliy ijro tizimi rahbarlarining bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirish zarur.
Ishonamizki, «hokimlar maktabi» loyihasi o‘z oldiga quygan vazifalarni samarali amalga oshiradi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yangi bosqichni ochib beradi.
Norgul Abduraimova, O‘zA