Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Germaniya: hamkorlik istiqbollari belgilandi
15:28 / 2023-05-12

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Ommaviy-huquqiy tadqiqotlar markazining “Ommaviy manfaat va davlat majburiyatlari” mavzusidagi beshinchi fanlararo ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Biznes-ombudsmani, Konrad Adenauer nomidagi fondning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamda bir qator oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston va Germaniya ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining yetakchi ekspertlari ishtirok etdi.  

Anjumanda O‘zbekiston, Germaniya va Rossiyada ommaviy manfaat va ma’muriy protsessda uning himoyasi: ma’muriy huquqda himoya konsepsiyasi, sog‘liqni saqlash sohasida ommaviy manfaatlar davlat majburiyati sifatida, yurtimizda ijtimoiy-tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, biotexnologiyalar va milliy xavfsizlik masalalari yuzasidan ma’ruza, munozara, muloqotlar o‘tkazildi. Muloqotlarda tadbirkorlik faoliyati va aholi bandligini ta’minlash sohasida davlat boshqaruvining huquqiy asoslarini takomillashtirish va rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma ilmiy axborot-tahliliy tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston – Germaniya hamkorligi chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqishga kelishildi.  

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik bugun barcha sohalarda jadal rivojlanmoqda, – deydi germaniyalik ekspert Manfred Shtender. – Xususan, Germaniyada O‘zbekiston madaniyatiga oid ko‘rgazma tashkil etilgani ushbu yo‘nalishdagi istiqbolli loyihalarga yo‘l ochdi. Anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ommaviy-huquqiy tadqiqotlar markazi va Konrad Adеnauer jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi ko‘magida nashr etilgan “Buyuk hukmdor va ulkan nefrit toshi. Amir Temur haqida ikki tarixiy olmon nashrlari” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.  

– Kitobda Amir Temur va temuriylar davri haqidagi olmon xalq vakillari yozgan ikkita maqola o‘rin olgan, – deydi ushbu kitob tarjimoni, O‘zbekiston Respublikasi Ommaviy-huquqiy tadqiqotlar markazi direktori Azamat Egamberdiyev. – Kitobda XIV asrda yashagan, bir muddat Usmonli davlati, keyinchalik Amir Temur qo‘shinida xizmat qilgan bavariyalik Iohannes Shiltberger ismli askarning xotiralari va XIX asrda Amir Temur maqbarasida Temur qabri ustiga o‘rnatilgan ulkan nefrit toshi haqidagi hikoya o‘rin olgan.  

G‘.HASANOV, O‘zA