Keyingi yillarda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatidagi o‘rni va rolini oshirish, mamlakat xalqaro nufuzini mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, yon-atrofda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish hamda o‘zaro manfaatli tashqi siyosatni izchil davom ettirish borasida faol siyosat yuritmoqda.
Respublikaning xalqaro va mintaqaviy barqarorlikka erishishga qaratilgan tashqi va ichki siyosati Markaziy Osiyoda rivojlanishning yangi davrini boshlab berdi. Yevropa Ittifoqi bugungi kunda umumiy savdo-tovar aylanmasi bo‘yicha dunyoda yetakchi mintaqa hisoblanadi. Tashkilot jahonning yuzdan ziyod davlati bilan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik qilib kelmoqda.
So‘nggi yillarda YeI Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga kirishgan. Ittifoqning yetakchi davlatlaridan biri – Germaniya Markaziy Osiyodagi hamkorlik strategiyasini shakllantirish va amalga oshirishda salmoqli ulushga ega.
Xususan, Germaniya Markaziy Osiyodagi faoliyatini kuchaytirish maqsadida 2020 yil “Yashil Markaziy Osiyo” nomli yangi strategiyani ishga tushirdi. Ushbu tashabbus iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal etishga qaratilgan bo‘lib, suv resurslari, muzliklarni saqlash, energetika, bioahillik, yer resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni nazarda tutadi. Shu orqali Germaniya YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha 2019 yil qabul qilingan yangi strategiyasiga hissa qo‘shmoqda.
YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasida Germaniya ishtiroki
YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi transport aloqasi, energetika, raqamli tarmoq yaratish, xalq diplomatiyasini mustahkamlash va sheriklikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qiladi. Germaniya bu jarayonda juda faol.
Xususan, O‘zbekiston va Germaniya savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorligi izchil rivojlanib, munosabatlar mustahkamlanmoqda. Jumladan, 2016-2023 yillar davomida tovar ayirboshlash ikki barobar oshdi. 2016 yil savdo hajmi 529,1 million dollar edi, 2023 yil bu ko‘rsatkich 1 072,3 million dollarga yetdi.

Investitsiyaviy hamkorlik
2020 yil Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi xalqaro hamkorlik strategiyasini qayta ko‘rib chiqib, sherik davlatlar sonini 85 tadan 60 taga qisqartirdi. Markaziy Osiyoda faqat O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qilinishi Germaniyaning O‘zbekistonga ishonchi, mamlakatimizni mintaqadagi asosiy hamkor sifatida ko‘rishini namoyon qildi.
2024 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Germaniya sarmoyadorlari ishtirokida 276 korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 57 tasi 2024 yil boshidan buyon tashkil etilgan. 2023 yil GFRdan yurtimizga jalb qilingan investitsiya va kredit hajmi 757,8 million dollarni tashkil etdi. O‘tgan yil birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 577,7 million dollarga yetdi.
Umuman, Germaniya iqtisodiyotimizga kiritgan sarmoya va kredit jami 4,5 milliard dollardan oshdi. Buning asosiy qismi ishlab chiqarish sanoati – to‘qimachilik, kimyo va boshqa nometall mineral mahsulot ishlab chiqarish, qurilish sektori, tog‘-kon sanoati hamda avtomobil savdosi kabi istiqbolli sektorlarga yo‘naltirilgan.
Hamkorlikni kengaytirish imkoniyati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitobiga ko‘ra, yuqoridagi raqamlar ikki davlat hamkorligining barcha jabhalarini aks ettirmaydi. Zero, bugun energetika, kimyo va farmatsevtika sanoati, to‘qimachilik va elektrotexnika tarmog‘i, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, transport logistikasida ishga solinmagan imkoniyat juda ko‘p.
Shuningdek, yurtimiz ishlab chiqarish sektorini Germaniyaning transmilliy kompaniyalari global qiymat zanjiriga ulash orqali kooperatsion hamkorlikni kengaytirish imkoniyati mavjud.
O‘zaro munosabat rivoji – oliy darajadagi muloqot samarasi
Yevropa va Markaziy Osiyo – dunyoning iqtisodiy rivojlanish markazlari, o‘sib borayotgan bozor, inson kapitaliga ega hududlar. Shu ma’noda mavjud imkoniyatdan unumli foydalanish, o‘zaro manfaatli sheriklik uchun qulay sharoit yaratish muhim ahamiyatga ega. Bunda Germaniya – O‘zbekiston siyosiy yetakchilarining an’anaga aylanib borayotgan uchrashuvlari muhim ahamiyatga ega.
2019 yil 21-22 yanvar kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi keng ko‘lamli hamkorlikda yangi ufqlar ochdi. Tashrif davomida Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va Kansler Angela Merkel bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tashrif yakunlari bo‘yicha qiymati 8 milliard dollardan ortiq 52 ta hujjat imzolandi.
2023 yil 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga navbatdagi tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashdi. “CLAAS”, “Knauf”, “Siemens Energy”, “Linde Group”, “Deutsche Bank” kabi yirik kompaniya va banklar vakillari qatnashgan muloqot chog‘ida sanoat kooperatsiyasi, “yashil” energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, kimyo, tog‘-kon, avtomobil, to‘qimachilik, elektronika sanoati va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ushbu uchrashuv O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning Germaniya biznes hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatdi.
2023 yil 29 sentyabr kuni Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammiti doirasida davlatimiz rahbari Germaniyaning sobiq Kansleri Olaf Shols bilan uchrashdi. Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqilib, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishildi.
Ishbilarmonlik sohasidagi sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika va boshqa sohalarda kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
2024 yil 17 sentyabrda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” ikkinchi sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Germaniya” tahliliy markazlari forumini ta’sis etish va tuzilmaning birinchi yig‘ilishini Xivada o‘tkazishni taklif qildi. Mintaqadagi sarmoyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish uchun “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, chegara hududlaridagi iqtisodiy va sanoat zonalariga Germaniya kompaniyalari va banklarini jalb etish, “Markaziy Osiyo va Germaniya” investor va tadbirkorlari kengashini tashkil etish, investitsiyani rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha ko‘p tomonlama hukumatlararo bitim qabul qilish kabi muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Xulosa shuki, mazkur uchrashuvlar xalqlarimiz orasidagi do‘stlikni, hukumatlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri