Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov Konrad Germaniyaning Adenauer jamg‘armasi boshqaruvi raisi Norbert Lammert boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va tashabbusi bilan davlat boshqaruvida parlamentning roli kuchaytirilayotgani, iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalishlarda jiddiy o‘zgarishga qo‘l urilayotgani qayd etildi.
Ushbu harakatlar zamirida “inson qadri uchun”, “xalq manfaati har narsadan ustun” degan g‘oya yotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Qonunchilik palatasi faoliyati, norma ijodkorligi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mita ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabat bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqot faollashgani ijobiy baholandi.
O‘z navbatida, N.Lammert samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston – Germaniya aloqalari, xususan, parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda bor imkoniyatini ishga solishini bildirdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga kelishib olindi.
O‘zA