Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston G‘aznachilik amaliyoti hamjamiyati (TCOP) yalpi yig‘ilishiga ilk bor mezmonlik qilmoqda
17:53 / 2025-10-13

Bugun Toshkentda Davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik ta’lim dasturi (PEMPAL) doirasida “G‘aznachilik faoliyatini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish” mavzusidagi G‘aznachilik amaliyoti hamjamiyatining (TCOP) yalpi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.

Jahon banki hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining 18 davlatidan 70 dan ortiq g‘aznachilik va davlat moliyasi sohasidagi mutaxassislar ishtirok etmoqda. Shuningdek, muhokamalarda Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hamda Koreya Fiskal axborot xizmati xalqaro ekspertlari ham qatnashmoqda.

Yalpi yig‘ilish ochilishida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova, Jahon bankining PEMPAL dasturi rahbari Arman Vatyan va boshqlar so‘zga chiqib, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik g‘aznachilik faoliyatini modernizatsiya qilish va raqamlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

– Yurtingizda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur tadbir nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqada ham muhim ahamiyatga ega. Chunki mamlakat bu tashabbuslarda faol ishtirok etib, katta yutuqlarga erishmoqda. Ushbu imkoniyat mamlakatning raqamlashtirish, g‘azna faoliyatini takomillashtirish va operatsion samaradorlikni oshirish sohasidagi yutuqlarini muhokama qilish va o‘rganish uchun ahamiyatlidir. O‘zbekiston raqamlashtirish va innovatsiyalar sohasida jiddiy va faol yondashuv ko‘rsatmoqda. Toshkentdagi rivojlanishlar nafaqat qurilish va urbanizatsiyada, balki davlat moliyasi islohotlarida ham seziladi. Jahon banki vakili sifatida men O‘zbekiston Hukumati va Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda ishlayotganimdan mamnunman. 

O‘zbekiston nafaqat PEMPAL a’zosi, balki donor davlat sifatida ham muhim rol o‘ynaydi. Mazkur tadbirda Yevropa va Markaziy Osiyodan tashqari, Koreya ham ishtirok etadi. Unda global rivojlanishlar va hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi. Xulosa qilib aytganda, bu yig‘ilish mintaqadagi moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish, yangi tajribalarni o‘rganish va umumiy yutuqlarni sarhisob qilish uchun muhim imkoniyatdir, – dedi PEMPAL dasturi rahbari Arman Vatyan. 

[gallery-25730]

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, PEMPAL faoliyati O‘zbekistonda davlat moliyasini boshqarish sohasida muhim innovatsiyalarni joriy etishga sezilarli hissa qo‘shgan. Fuqarolar ishtirokidagi byudjetlash (Tashabbusli byudjet) amaliyotining joriy etilishi, ya’ni fuqarolarga davlat mablag‘larining taqsimlanishi va sarflanishi jarayonida ishtirok etish imkonini berish, shuningdek, yagona g‘azna hisobidan samarali foydalanish va ichki audit tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan. Davlat moliyasini boshqarishni mustahkamlash Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va fuqarolar farovonligini oshirish uchun muhim shart hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, TCOP yalpi yig‘ilishi 16 oktyabr kuni yakunlanadi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA