Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman
12:42 / 2022-04-09

Ayni kunda Andijon viloyatida 30 ming nafarga yaqin uyg‘urlar istiqomat qiladi. Uyg‘urlarning ko‘pchilik qismi Paxtaobod tumanining Uyg‘urobod, Shahrixon tumanining Do‘lan, Oltinko‘l tumanining Uyg‘ur, Asaka tumanining Axtachi mahallalarida hamda Andijon shahrida yashaydi.

O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllangan. Eng asosiysi, yurtimizdagi barcha millat va elatlarning tengligi, o‘zaro do‘stligi huquqiy jihatdan kafolatlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning huquq va erkinliklar qonun yo‘li bilan himoyalangan, ya’ni Bosh qomusimizning 4-moddasida “... O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning, tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi” deb belgilab qo‘yilgan.

Ayni kunda Andijon viloyatida turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda. O‘zbekiston fuqarosi sifatida ular amaldagi barcha huquq va erkinliklardan to‘laqonli foydalanmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishganidan keyin ularning o‘z ona tillarini o‘rganishlari, milliy an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Ayniqsa, bu borada viloyatda faoliyat yuritayotgan qirg‘iz, rus, uyg‘ur, koreys hamda arman milliy-madaniy markazlari tomonidan e’tiborga molik ish olib borilmoqda. Buni 1989 yilda tashkil etilgan Andijon viloyati Uyg‘ur milliy madaniy markazi faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

– Uyg‘urlar Andijonga taxminan Qo‘qon xonligi davrida kelib, o‘rnashib qolgan, – deydi Andijon viloyati Uyg‘ur milliy madaniy markazi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Adolatxon Qo‘ldosheva. – Ota-bobolarimizning aytishlaricha, hozirgi O‘zbekiston hududlariga ommaviy holda ko‘chib kelgan uyg‘urlarning hunarmandlari shaharlarda yashab qolgan. Asosan, dehqonchilik bilan tirikchilik o‘tkazadigan ko‘pchilik qismi esa chekka qishloqlarda qo‘nim topgan. Yangi yerlarni o‘zlashtirish, uy-joylar qurish hisobiga uyg‘ur mahallalari tashkil topgan.

Hozirda uyg‘urlar eng ko‘p yashaydigan Paxtaobod tumanidagi Uyg‘urobod qishlog‘i bugun yurtimizning eng obod go‘shalaridan biriga aylangan, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. “Obod qishloq” dasturi doirasida qishloqda juda katta xajmdagi qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Qishloqdagi yo‘llar, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotilari, tibbiyot muassasalari, shuningdek, ikki qavatli, 200 tomoshabinga mo‘ljallangan madaniyat markazi binosi kapital ta’mirlandi. Ayni kunda madaniyat markazida ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda, yoshlar uchun qator to‘garaklar tashkil etilgan. “Uyg‘ur” milliy madaniy markazi qoshidagi “Otush” ansambli ham mazkur binoda faoliyat yuritmoqda.

Asrlar o‘tsa-da Andijonda yashayotgan uyg‘urlar o‘zlarining milliy an’ana va urf-odatlari davomiyligini saqlab kelmoqda. Kashtachilik, qiyiq, qo‘shqiyiq tikishda uyg‘ur tikuvchilarini oldiga tushish qiyin. Hozir ham uyg‘ur qizlarning aksariyati ushbu hunarni o‘rganib keladi.

Qolaversa, uyg‘urlar pazandalikda, dehqonchilikda mohir. Andijondagi uyg‘ur xonadonlarida uyg‘ur lag‘moni, zang‘za pishirig‘i, atganchoy (oq choy) singari milliy taomlar hozirgacha tayyorlanadi.

Viloyat Uyg‘ur milliy markazi tomonidan O‘zbekistonda yashayotgan turli xalq, millat va elatlarning o‘zaro do‘stligi va totuvligini mustahkamlash, yurtni obod qilish, tinchligini asrashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu orqali yosh avlodni vatanparvarlik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalanishiga hissa qo‘shmoqda.

– Viloyatda yashayotgan uyg‘ur xalqi vakillarining milliy an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish, kelgusi avlodga yetkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan, – deydi Andijon davlat universiteti professori, shoira Xanifaxon Solixova. – Uyg‘ur millati vakilasi sifatida O‘zbekistonda biror bir tayziqqa uchraganimni yoki menga nisbatan qandaydir cheklovlar qo‘yilganligini eslay olmayman. Qator-qator kitoblarim chop etildi, olima sifatida ko‘plab unvon-u mukofotlar oldim.

Andijondagi uyg‘urlar o‘z davrida katta hurmat-e’tibor topgan mehnat qahramonlari Tojioxun Yoqubov, Qunoxun Xoliqov, Olim Qurbonov, hozirda samarali faoliyat olib borayotgan Paxtaobod tumanidagi “Sarvinoz parvozi” fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyorjon Niyozov, professor Xanifa Solixova, “Oltin qalam” mukofoti sohibasi, jurnalist Matlubaxon Yusupova, mehnat faxriysi Rohilaxon Abdurahmonova, shoir Akramjon Hamraqulov, millatdoshlari bilan hamisha faxrlanadi.

Viloyat Uyg‘ur milliy madaniy markazi qoshidagi “Otush” xalq ansambli erishgan va erishayotgan muvaffaqiyatlarni alohida e’tirof etish joiz.

– Millatim uyg‘ur bo‘lsa-da, O‘zbekiston fuqarosiman, – deydi Adolatxon Qo‘ldosheva. – Yurtimizda olib borilayotgan odilona millatlararo siyosat tufayli mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllangan. Ochig‘i, yurtimizda millatlararo totuvlik yuksak darajaga ko‘tarilgan. O‘tgan yilda Turkiyada yashovchi millatdoshimiz, ijodkor Murod O‘rxon qishlog‘imizga mehmon bo‘lib kelgan edi. O‘shanda “Shu Vatanda azizdir inson” deb nomlangan do‘stlik festivali o‘tkazilayotgandi. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida butun viloyat tashkilotlari rahbarlari kelib, bayramni biz bilan birga o‘tkazganligining guvohi bo‘lib, nahotki, viloyat hokimi shaxsan kelib, o‘zga millat vakillari bayramida qatnashsa, deya hayajonini yashira olmagan, yurtimizda uyg‘urlarga bo‘lgan hurmat-e’tibordan ko‘zlariga yosh olgan edi. Men bugun dunyodagi eng baxtli insonlardan biriman. Chunki, uy-joyim, sevgan kasbim bor, atrofimda do‘stlarim bisyor. Oilam, ko‘nglim tinch, farzand va nabiralarim bag‘rimda. Ularning quvonchi, baxti-kamolini ko‘rib ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Inson uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Ochig‘i, menga shunday baxtni bergan O‘zbekistonda yashayotganligimdan, O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman.

Muxtasar aytganda, turli millat, elat vakillari emin-erkin yashab kelayotgan O‘zbekistonda millatlararo do‘stlik aslo zavol topmaydi. Chunki, ular ona Vatanimiz tinchligi, ravnaqi yo‘lida bir jon, bir tan bo‘lib yashamoqda.

[gallery-6558]

Faxriddin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA