Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova ma’lum qilishicha, mamlakatimizda joriy yilda jami 8 million 85 ming nafar yer uchastkasi va undagi ko‘chmas mulklari mavjud bo‘lgan jismoniy shaxslarga 3 trillion 450 milliard so‘m yer va mol-mulk soliqlari hisoblangan. O‘zbekistonning 4 million 400 ming fuqarosi mol-mulk va yer solig‘idan 2,7 trillion 798 milliard 4 million so‘m qarzdor.
Shundan 2022 yilning 28 sentyabr sanasiga qadar 2 tillion 5 milliard so‘m, ya’ni 58 foizi to‘langan. Shu bilan birgalikda, 4 million 400 ming nafar fuqarolarning o‘tgan yildan qolgan qarzdorligi bilan qo‘shib hisoblaganda umumiy hisobda 2 trillion 798 milliard 4 million so‘mlik soliqlari to‘lanmasdan qolmoqda.
Soliq kodeksiga muvofiq, jismoniy shaxslar mol-mulk va yer solig‘ini 15 aprel va 15 oktyabrga qadar teng ulushlarda to‘lashlari lozim.
Oylik daromad manbaiga ega bo‘lgan 236 ming 600 ta korxona va tashkilotlarda ishlovchi 1 million 700 ming nafar xodimlarga joriy yilda 1 trillion 300 milliard so‘m soliq hisoblangan. Qayd etilishicha, 2022 yilning 28 sentyabr kuniga qadar 636 milliard 800 million so‘mi ya’ni 48 foizi to‘langan, 1 million 106 ming 400 nafarining 691 milliard 300 million so‘mi, 52 foizi to‘lanishi lozim.
Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi tashkilotlarda ishlovchi xodimlar tomonidan joriy yilda to‘lanishi lozim bo‘lgan 3,3 milliard so‘mdan 2,2 milliard so‘m (65,9 foiz), Mahalla va oilani qo‘llab quvatlash vazirligi 5,1 milliard so‘mdan 3,3 milliard so‘m (64,5 foiz), Oliy sud 1,7 milliard so‘mdan 1 milliard so‘m (62,1 foiz), Adliya vazirligi 2,5 milliard so‘mdan 1,5 milliard so‘m (60,5 foiz) soliq to‘lovlari 15 oktyabrgacha amalga oshirilishi kerak bo‘ladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA