Oktyabr oyida yaponiyalik mutaxassislar bilan o‘tkazilgan videokonferensaloqa shaklidagi uchrashuvda "Maxsus malakali ishchilar" maqomida yurtdoshlarimizni Yaponiyada ishlash uchun yuborish masalasi muhokama qilingan edi.
Buning uchun Toshkent shahrida yapon tili va malaka imtihonlarini o‘tkazuvchi test markazini ochish zarurligi qayd etilgan edi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, "Ishga marhamat" monomarkazi rahbarlari, Yaponiyaning "Sanko global group" MCHJ, "Nippon educational academy" MCHJ mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan videokonferensaloqa shaklidagi muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasida hamkorlikni kengaytirish, Yaponiyada ishlash istagidagi fuqarolarga yapon tilini o‘qitish, ularga zarur kasblarni o‘rgatish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida, Yaponiyaning yirik kompaniyalaridan biri "Nippon educational academy" tasarrufida 4 ta kollej, 1 ta mehmonxona (Riga Royal Hotel), KFC tarmoqlari, qariyalar uyi, restoranlar, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari mavjud.
Uchrashuvda "Ishga marhamat" monomarkazi, Yapon tili va kasbiy malaka test markazi hamda Yaponiyaning "Nippon educational academy" MCHJ o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Kelishuvdan ko‘zlangan maqsad Yaponiyaga maxsus malakali ishchilarni yuborish loyihasi doirasida "Nippon educational academy" metodologiyasi asosida o‘qitish va bitiruvchilarga ushbu ta’lim muassasasi sertifikatini berishdan iborat.
Shuningdek, "Nippon educational academy" o‘quv kurslarini bitirgan fuqarolar ushbu ta’lim maskani tomonidan maxsus malaka testini topshirgan holda yaponiyalik ish beruvchilarga malakali mutaxassis sifatida tavsiya qilinadi.
O‘quv kurslarida yapon tili, qariyalarni parvarishlash, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha darslar tashkil etiladi. Darslar monomarkazning o‘zida, shuningdek, onlayn tarzda olib boriladi.
Uchrashuvda kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan kelishib olindi.