O‘zbekiston fuqarolari Yaqin Sharq davlatlaridan qaytarilmoqda
Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan harbiy nizo sabab qator davlatlar havo hududini vaqtincha yopgani ma’lum qilindi. Shu munosabat bilan 28-fevraldan boshlab O‘zbekistondan Dubay, Sharja, Madina, Doha, Jidda, Tel-Aviv, Tehron va Kuvayt yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlar bekor qilingan. Natijada 28-fevral – 2-mart kunlari 1 681 nafar O‘zbekiston fuqarosi reyslardan foydalana olmagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, Fors ko‘rfazi mamlakatlarida qolib ketgan fuqarolarni vatanga qaytarish ishlari tashkil etilgan. Transport vazirligi tomonidan aviakompaniyalar bilan hamkorlikda aniq reja ishlab chiqilib, “O‘zaviatsiya” agentligida 24 soat ishlaydigan shtab tuzilgan.
Qayd etilishicha, hozirga qadar Madina va Jiddadan 21 ta reys orqali 4 948 nafar, shuningdek Dubaydan 235 nafar yo‘lovchi O‘zbekistonga olib kelingan.
Fuqarolarga reyslar bo‘yicha ma’lumotlarni faqat aviakompaniyalarning rasmiy manbalari orqali aniqlashtirish tavsiya etilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA