Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston fuqarolari endi Mo‘g‘ulistonda 30 kun vizasiz yurishi mumkin
16:39 / 2022-06-03

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Batsumber Munxjin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan Mo‘g‘uliston o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘lgani qayd etilarkan, tomonlar siyosiy hamda parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqani kuchaytirishdan birday manfaatdorligi ta’kidlandi.

Joriy yil o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuv va muzokara yakunlari bo‘yicha 2022-2023 yillarda O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston munosabatini rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

[gallery-7429]

Uchrashuvda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun ulkan salohiyat mavjudligiga e’tibor qaratildi. Xususan, Mo‘g‘uliston bozoriga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, birinchi navbatda, meva-sabzavot eksportini ko‘paytirish imkoniyati muhokama qilindi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqa istiqboli, jumladan, Mo‘g‘uliston delegatsiyasining 2022 yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashi majlisidagi ishtiroki masalasi ko‘rib chiqildi. 

Muzokara natijasida quyidagi hujjatlar imzolandi:

- O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Mo‘g‘uliston Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2022-2023 yillarda hamkorlik dasturi;

- O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi va Mo‘g‘uliston yo‘llar va transportni rivojlantirish vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi protokol.

Tadbir yakunida Mo‘g‘uliston tomoni O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz tartib joriy etilganini e’lon qildi.

G‘.Xonnazarov,

N.Haydarov (surat),

O‘zA