Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston ftiziatriya xizmati 53 mamlakat orasida ikkinchi o‘rinda
19:26 / 2021-02-09

JSST ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda yiliga 8,6 million kishi tuberkulyoz xastaligiga chalinmoqda, 1 milliondan ortiq bemor esa uning turli asoratlari tufayli vafot etadi. Shu bois, jahon miqyosida bu kasallikning oldini olish, uni barvaqt aniqlash va davolashning zamonaviy usullarini tatbiq etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tadbirlar to‘g‘risida SSV matbuot xizmatiga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva batafsil so‘zlab berdi.

– Mamlakatimizda inson salomatligiga jiddiy ta’sir etayotgan ushbu dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammoga qarshi kurashish sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan – deydi N.Parpiyeva. – bugungi kunda yurtimizda tuberkulyozga qarshi kurash ishlarini tashkil etishda tibbiy-profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullari yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida maxsus xonalar tashkil etilgan va zamonaviy tibbiy-tahlil vositalari bilan jihozlangan.

Tumanlardagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda esa kasallikka barvaqt tashxis qo‘yish va uni erta aniqlash imkoniyati yaratilgan. Aholiga bu yo‘nalishda ixtisoslashgan tibbiy yordamni jahon andozalari darajasida tashkil etish borasida ham barcha sharoitlar mavjud. Keyingi yillarda markazimiz va viloyatlardagi dispanserlar tubdan ta’mirlandi va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

JSST tomonidan tavsiya etilgan «Tuberkulyozga barham berish» strategiyasiga ko‘ra bu yo‘nalishda ishlab chiqilgan milliy dastur o‘z samarasini bermoqda. Ushbu strategiyani amalga oshirish natijasida tuberkulyozga chalingan bemorlar standart diagnostika va klinik xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, xalqaro standartlarga javob beradigan davo olmoqdalar.

Ftiziatriya muassasalarida tuberkulyozga qarshi dori vositalariga chidamli turlarni tashxislashni mukammallashtirish maqsadida 50 dan ortiq o‘ta zamonaviy genno-molekulyar diagnostika apparatlari o‘rnatildi. Uzluksiz va keng qamrovli davolanishni ta’minlash uchun bu kasallikka chalingan bemorlarga yuqori sifatli davolash kursi uchun dorilar bepul beriladi. Dorilarga chidamli tuberkulyozga chalingan bemorlarni davolash uchun zamonaviy qisqa kurslar joriy etilmoqda va unga qarshi yangi dorilar qo‘llanilmoqda.

Ilgarilari tuberkulyozni aniqlashga 3-4 oylab vaqt talab etilardi. Tibbiyotga diagnostika va davolashning yangi usullari kirib kelishi natijasida bugungi kunda kasallikka genno-molekulyar usulida bor-yo‘g‘i 70 daqiqa ichida aniq tashxis qo‘yilmoqda. Ilg‘or operatsiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmonlar qo‘llanilishi natijasida bemorlarning kasallikdan sog‘ayish muddati ham 2 yildan 9 oyga qisqardi. Tibbiyotimizdagi bunday muhim yutuqlar tufayli yurtimizda tuberkulyoz bilan kasallanish ko‘rsatkichi 2,5 barobarga, o‘lim ko‘rsatkichi 6-8 barobarga qisqardi. Ayni paytda olimlarimiz tuberkulyozga chalingan bemorlarning davolanish kursini yana olti oyga qisqartirish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Inson manfaatini ta’minlashga yo‘naltirilgan bunday muhim chora-tadbirlar samarasida mamlakatimizda tuberkulyoz kasalliklarini davolash bo‘yicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Xususan, davolash samaradorligi bugun 91,2 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu ko‘rsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija ko‘lami yanada yaxshiroq anglashiladi.

Yana bir e’tirof etishga arzirli yutug‘imiz, JSST ma’lumotiga ko‘ra, tuberkulyozga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari bo‘yicha O‘zbekiston ftiziatriya xizmatining Yevropa hududidagi 53 mamlakat orasida kuchli uchtalikdan o‘rin olgani bo‘ldi. Ya’ni mamlakatimiz bugungi kunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa hududiga kiruvchi 53 mamlakat orasida silga qarshi kurashish dasturining bajarilish natijalari bo‘yicha 2-o‘rinni egallagan.

O‘zA