Fransiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Valid Fuk Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Martabali mehmonni viloyat hokimligi mas’ullari Jizzax temir yo‘l vokzalida kutib oldilar. Dastlab elchi “ADM Jizzakh” avtomobilsozlik korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxonada zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud quvvatlar, lokallashtirish darajasi va istiqbolli investitsiya loyihalari taqdim etildi. Joriy etilayotgan ilg‘or texnologiyalar, eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlar mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.
Elchiga viloyatda sanoatni diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar xususida batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, Jizzax viloyati so‘nggi yillarda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda.
[gallery-27712]
Tashrif doirasida viloyat hokimligida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tog‘-kon metallurgiyasi, avtomobilsozlik, qayta ishlash sanoati hamda zamonaviy texnologik loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Fransiya ishtirokidagi qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish, ilg‘or texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish va malakali kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik yo‘nalishlardagi sheriklikni yanada rivojlantirish, investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish hamda aniq natijaga yo‘naltirilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishdilar.
Elchi Valid Fuk tashrif davomida viloyatdagi oliy ta’lim muassasasi va umumta’lim maktablarida ham bo‘lib, ta’lim jarayoni, xorijiy tillarni o‘qitish sifati hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdi. Bu esa iqtisodiy sheriklik bilan bir qatorda ta’lim va madaniy aloqalarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatdi.
Qayd etish joizki, mazkur tashrif Jizzax viloyatining xalqaro iqtisodiy maydondagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini, hududda investitsiyaviy muhit izchil yaxshilanib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Fransiya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish esa viloyat taraqqiyotiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashi shubhasiz.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari