Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Fransiya. Teran ildizga ega do‘stona munosabat
11:07 / 2023-11-01

Jahon tamaddunida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi do‘stona munosabat teran ildizlarga ega. Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev bilan suhbatimiz ayni mavzuga oid.

– XIV asr o‘rtalarida Buyuk Ipak yo‘lining g‘arb mamlakatlariga olib boruvchi tarmog‘i turli nizolar tufayli inqirozga uchragan edi, - deb so‘z boshladi suhbatdoshimiz. – O‘sha davrda Amir Temur turli sohalarda qit’alararo aloqa tiklanishiga sharoit yaratib berdi. Uning Yevropa davlatlari qirollari bilan olib borgan muloqotlari orasida, ayniqsa, Fransiya qiroli Karl VI bilan yozishmalari alohida tarixiy ahamiyatga ega. 1394 va 1399 yillarda Amir Temur huzuriga kelgan Vizantiya imperatorining Konstantinopoldagi muovini Fransuaga Sandro ismli vakil hamroh bo‘lgan. Sandroning qo‘lida Genuya homiysi – Fransiya qirolining Amir Temur nomiga yozilgan maktubi bor edi.

1402 yil Karl VI Amir Temur bilan mustahkam siyosiy aloqa o‘rnatishga intildi. Ushbu sa’y-harakat samarasi o‘laroq olib borilgan yozishmalarning bir qismi Fransiya hujjatlar arxivida saqlanadi. Maktublarda Amir Temur qirolning Sharqqa nisbatan siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda, Fransiya bilan savdo-sotiq yo‘lga qo‘yilishining ahamiyatiga e’tibor qaratadi:

– Bizning ul ulug‘ amirdan kutganimiz shuldurki, doimo bizga shohona maktublar yuborib, salomatliklarini bildirib tursalar, toki biz xotirjam bo‘lgaymiz. Yana sizning savdogarlaringiz bu tarafga qatnab tursalar, biz bu yerda ularni aziz-u mukarram tutg‘umizdir. Shuningdek, bizning savdogarlar u tarafga yuborilsa, siz ham ularni aziz-u mukarram tutsangiz, hech kimsa ularga zo‘rlik qilmasa va zarar-zahmat yetkazmasa! Zero, dunyo savdogarlar bilan oboddir!

Sohibqironning Fransiya qiroliga yozgan, bizning davrimizgacha lotincha tarjimasi yetib kelgan ikkinchi xati ham 1402 yil 1 avgust sanasi bilan belgilangan. Har ikki nomani arxiyepiskop Ioann III Fransiyaga yetkazgan. 1403 yil iyunda Parijga borgan arxiyepiskop Amir Temurning qirollikni qiziqtiruvchi, savdogarlarning o‘zaro munosabatini ta’minlash, savdo erkinligini tegishli bitim orqali kuchga kiritish taklifini bayon etadi.

Amir Temurning hamkorlik to‘g‘risidagi tashabbusi Karl VI tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingani 1403 yil 15 iyunda Sohibqiron nomiga yo‘llangan maktubda ifodasini topgan.

– Yaratganning marhamati ila franklar qiroli Karl muhtaram hazrat, muzaffar podshoh Temurbekka salom yo‘llaydi va tinchlik tilaydi, – deya boshlanadigan ushbu maktubda Fransiya bilan Amir Temur davlati o‘rtasida savdo aloqasini o‘rnatish masalasiga jiddiy ahamiyat qaratiladi. – Biz sizning ishlaringizni, foydali takliflaringizni qabul qilamiz, imkoni bor joylarda (ularga) barobar va undan ortiqroq iltifot ko‘rsatishga va’da beramiz.

Amir Temur ham, Karl VI ham o‘zaro do‘stlik va birdamlikdan, bitim tuzishdan manfaatdor bo‘lganini nomalardan anglash mumkin. Akademik Akmal Saidov va Lyusen Keren muallifligidagi “Amir Temur va Fransiya” nomli asarda Vensan Frunyoning Amir Temur haqida quyidagi fikri qayd etilgan:

– Amir Temur mavzusi G‘arbiy Yevropada Klavixo va Jenkinson safarnomalari e’lon qilinmasdan burun, shuningdek, Ibn Arabshoh, Sharafiddin Ali Yazdiy singari tarixchilar asarlari tarjima qilinmasdan oldin ham tarixiy va adabiy mavzu sifatida mavjud edi.

Xullas, O‘zbekistonning turli mamlakatlar, jumladan, Fransiya bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi aloqalari, xususan Amir Temur va Karl VI tomonidan tamal toshi qo‘yilgan hamkorlik, birdamlik munosabatlari bugungi kunda yangicha, jadal sur’atda rivojlanmoqda.

Muharrama Pirmatova yozib oldi.

O‘zA