O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev va Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida tomonlar suv xo‘jaligi sohasidagi qator istiqbolli loyihalar va strategik sheriklik aloqalari ustuvorligiga e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik ikki davlat rahbarlari imzolagan deklaratsiya asosida izchil rivojlanyapti. Jumladan, suv xo‘jaligi sohasida ham qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Qoraqalpog‘istondagi “Suyenli” kanali irrigatsiya tizimini qayta qurish qo‘shma loyihasi ulardan biridir. Umumiy qiymati 150 million AQSH dollarini tashkil qiluvchi mazkur tashabbus Fransiya taraqqiyot agentligi va Yevropa investitsiya banki tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Ushbu loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv resurslarini samarali boshqarish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil olish, aholi turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, muloqot yakunida tomonlar suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish, loyihalarni amalga oshirish va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish kabi qator masalalar yuzasidan hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA