Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Fransiya biznes forumida ta’kidlab o‘tilganidek, bu ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qiymati so‘nggi yillarda 5 barobar oshib, 1.13 milliard dollarga ko‘tarilgan.
Fransiyaning IRBUS, “Experto Consulting”, “Iveco Group”, MND, “Roxalex”, “Suez”, “Sociyetye Gyenyerale”, ALSTOM, “Veolia”, “EDF International Networks”, “Voltalia”, “Total Energies” singari 50 dan ziyod yirik kompaniyasidan vakillar ishtirok etgan anjumanda dastlab yurtimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit, ularning huquqi va manfaatini himoya qilishga qaratilgan choralar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimiz sanoatidagi imkoniyatlar, sarmoyaviy salohiyat haqida so‘z yuritildi. Fransiya kompaniyalarining energetika, tog‘-kon sanoati, suv ta’minoti, transport va turizm sohalaridagi muvaffaqiyatli faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Biznes-forum doirasida vazirlik, idoralar vakillari, farang korxonalari va kompaniyalari rahbarlari ishtirokida davra suhbati ham tashkil etildi.
Tadbirda o‘zaro iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib borayotgani, so‘nggi yillarda yuqori o‘sish sur’ati kuzatilayotgani ta’kidlandi. Masalan, oxirgi 7 yil ichida tovar ayirboshlash deyarli 5 marta oshib, 1.13 milliard dollarga yetdi. O‘zbekistondagi fransuz kompaniyalari soni qariyb 4 barobar ko‘paydi. Hozir mamlakatimizda Fransiya sarmoyasi asosida qurilish, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi muhim sohalarga ixtisoslashgan 50 korxona faoliyat yuritmoqda.

Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi inobatga olinib, mehmon ishbilarmonlarga yangi istiqbolli loyihalar amalga oshirish taklifi berildi.
Muloqot ochiq tarzda kechgani ishtirokchilarga erkin fikr bildirish, tomonlarni qiziqtirgan qator soha va yo‘nalishlar bo‘yicha yangi tashabbuslar bilan chiqish, B2B va B2G formatidagi uchrashuvlarda yangi aloqalar o‘rnatish, investitsiya va savdo kelishuvlariga erishish imkonini berdi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA