Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlis avvalida quyi palata Spikeri N.Ismoilov shu yil 11-13 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya mamlakatiga tashrifi xususida to‘xtaldi:
— Davlatimiz rahbarining Fransiyaga rasmiy tashrifi har tomonla manfaatli kechdi. Davlat rahbarlarining uchrashuvlari davomida iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’atni rivojlantirish, raqamli va innovatsion texnologiyalar, energetika, turizm, transport infratuzilmasi kabi ko‘plab sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani tashrifning asosiy natijalaridan biri bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu hujjat ikki tomonlama uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
[gallery-22323]
Shuningdek, davlatimiz rahbari 13 mart kuni Parij shahridagi Burbon saroyida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo almashinuvni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston-Fransiya parlamentlararo forumini tashkil etish va "yo‘l xaritasi" asosida do‘stlik guruhlari ishini qayta tiklash masalalari muhokama qilindi.
Albatta, parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirishda faol bo‘lish, tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish uchun huquqiy asoslarni mustahkamlash hamda parlament nazorati institutlaridan samarali foydalanishimiz kerak bo‘ladi, — dedi Spiker.
Muhtarama Komilova,
O‘zA