Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rahbari ishdan olindi
09:13 / 2022-10-14

Kecha Samarqand davlat universiteti O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti faoliyatini rivojlantirish yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov tashkil etilganiga endigina bir yil to‘lgan bo‘lsa-da institut faoliyati yuzasidan ko‘plab shikoyat va e’tirozlar yuzaga kelayotganini qayd etib, muassasada ichki ijtimoiy-ma’naviy muhit yaxshi emasligi, qarindoshchilik, guruhbozlik avj olganini tanqid qildi. Talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagani ham aytib o‘tildi.

– Bu holat hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokama qilindi, – dedi vazir. – Aslida ushbu muammo oliygohning ichki masalasi bo‘lib, afsuski, muassasa ichida tushuntirish, murosai madora, tashkiliy masalalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali hal etilishi kerak edi. Ammo ko‘rib turganingizdek, bundan keng jamoatchilik ham xabar topdi. Shu yilning iyun oyida ishchi guruh tomonidan institut faoliyati o‘rganilib, kamchiliklar yuzasidan berilgan ogohlantirishlarga qaramasdan holat o‘nglanmagan.

O‘tgan yil institut faoliyat boshlagan paytda Akram Begmatov institut direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan edi. U xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani, muassasada ta’lim jarayonini to‘g‘ri tashkil etmagani va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlamagani uchun vazifasidan ozod etildi.

Institutga rektor tayinlanguniga qadar vazifani vaqtincha bajarish Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Faxriddin Esanboboyevga yuklatildi. Muassasadagi har bir holat va jarayonlar vazirlik nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.

G‘.Hasanov,

O‘zA