-
Toshkentda JSSTning STAR metodologiyasi asosida milliy xavf tahlili bo‘yicha seminar boshlandi
Favqulodda vaziyatlar — tabiiy ofatlar, texnologik nosozliklar yoki biologik xavflar shaklida bo‘lishidan qat’i nazar — aholining salomatligi, iqtisodiy barqarorlik va jamiyat xavfsizligi uchun jiddiy tahdid sanaladi. Shu sababli, bunday xavf-xatarlarni oldindan aniqlash, baholash va ularga tayyor turish har bir mamlakat uchun milliy ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
Qolaversa, yaqinda Afg‘onistonda sodir bo‘lgan va butun Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonda ham sezilgan zilzila favqulodda vaziyatlarga puxta tayyorgarlik zarurligini yana bir bor eslatdi. Shu maqsadda Sanepidqo‘mita hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamkorligida “Xatarlarni strategik baholash (STAR)” mavzusida milliy seminar o‘tkazilmoqda.
4 noyabrda o‘zi ishini boshlagan tadbir 7 noyabr kuniga qadar davom etib, mamlakat miqyosidagi xavf tahlilini tizimli tarzda amalga oshirish, ularning ehtimolini aniqlash va zarur tayyorgarlik choralarini belgilashga qaratilgan.
JSST tomonidan ishlab chiqilgan (STAR) dasturi mamlakatlarga sog‘liq uchun tahdid soluvchi xavflarni ilmiy asosda baholash, ularning ehtimoli, ta’siri va zaiflik darajasini aniqlashda yordam beradi. Ushbu yondashuv orqali davlatlar mavjud ma’lumot va bashoratlar asosida resurslarni to‘g‘ri taqsimlash hamda milliy rejalarni yanada samarali rejalashtirishi mumkin.
Seminar davomida ishtirokchilar O‘zbekiston aholisi salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy xavflarni aniqlamoqda, ularning darajasi baholanib, milliy xavf profili hamda xavflarning mavsumiy taqvimi shakllantiriladi. Shuningdek, qisqa va uzoq muddatli ustuvor choralar ro‘yxati ishlab chiqilib, sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlarga tayyorlik bo‘yicha milliy rejaning konseptual asoslari yaratiladi.
Tadbir ochilish marosimida Sanepidqo‘mita raisi o‘rinbosari Botir Qurbonov hamda JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, doktor — Ashina Kalakdina ishtirok etib, ushbu tashabbusning nechog‘lik muhimligini ta’kidladilar.
“Bugungi seminar sog‘liqni saqlashga tahdid soluvchi xavflarga ustuvorlik berish va mavjud ma’lumotlardan oqilona foydalanishga qaratilgan. Bu xavflar zilzila, issiqlik to‘lqini yoki biologik tahdid ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston bu yo‘nalishda rejalashtirishdan amaliy harakatlarga o‘tish bosqichida jadal rivojlanmoqda va bu jarayon hukumat hamda jamiyatning keng ishtirokini talab qiladi” dedi, doktor — Ashina Kalakdina.
Seminar davomida JSST Yevropa mintaqaviy byurosi ekspertlari — doktor Karlos Mansilya va Liza Ouen tomonidan (STAR) metodologiyasining xalqaro amaliyoti, xavflarni baholash va ustuvor choralarni belgilash tajribasi bilan bo‘lishildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — dalillarga asoslangan milliy xavf profilini yaratish va uni Sog‘liqni saqlash xavfsizligi bo‘yicha Milliy harakat rejasi bilan uyg‘unlashtirishdan iborat. Ushbu jarayon natijalari kelgusida amaliy choralarni belgilash, resurslarni rejalashtirish, mutaxassislar tayyorlash va sog‘liqni saqlash tizimini yanada barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston 2022 yilda o‘tkazilgan Qo‘shma tashqi baholash yakunlari asosida 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakat rejasini ishlab chiqqan. Unda 19 ta texnik yo‘nalish bo‘yicha 300 dan ortiq tadbir belgilangan bo‘lib, sog‘liqni saqlash, adliya, moliya, chegara nazorati, favqulodda vaziyatlar xizmatlari kabi muhim tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
(STAR) seminarining tashkil etilishi — aynan shu strategik jarayonning mantiqiy davomi bo‘lib, milliy xavf tahlilini yanada takomillashtirish va sog‘liqni saqlash tizimining barqarorligini mustahkamlash yo‘lida muhim bosqichdir.
JSSTning (STAR) metodologiyasi asosida o‘tkazilayotgan mazkur seminar O‘zbekistonning favqulodda vaziyatlarga tayyorlik bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni belgilayotganligidan dalolatdir. Bu esa sog‘liqni saqlash sohasidan tashqari, barcha davlat tizimlari uchun xavfsiz, barqaror va chidamli kelajakni ta’minlash yo‘lida muhim hisoblanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QVsesfVPpi8" title="O‘zbekiston favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni kuchaytirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, U.To‘xtayev, O‘zA