O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Timur Mashanpin Eron Milliy standartlashtirish tashkiloti vitse-prezidenti Anoshex Rahmoni bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, akkreditatsiya va metrologiya sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sohani xalqaro andozalarga yaqinlashtirish, standartlardan foydalanish madaniyatini kengaytirish haqida atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy usullarni joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.

Savdo jarayonlaridagi texnik to‘siqlarni kamaytirish, metrologiya va standartlashtirish yo‘nalishlarida kooperatsiyani kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi 220 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ular sanoat, qurilish, transport va infratuzilma sohalaridagi qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Ikki davlat o‘rtasida texnik reglamentlar, standartlar va akkreditatsiya tizimlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha ishchi guruhlar ham yo‘lga qo‘yilgan.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va hamkorlikni yanada kengaytirish borasida qat’iy ishonch bildirildi.
Shu bilan birga, Eron Milliy akkreditatsiya markazi va O‘zbekiston akkreditatsiya markazi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki tashkilot o‘rtasida laboratoriyalar va sertifikatlashtirish organlarini o‘zaro tan olish, mutaxassislar malakasini oshirish, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etishni nazarda tutadi.

Ushbu kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashi, texnik tartibga solish sohasida o‘zaro ishonchni oshirishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA