Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator masalalar muhokama qilinmoqda.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov dastlab davlatimiz rahbarining Eronga tashrifi xususida to‘xtaldi:
— Xabaringiz bor, 18 iyun kuni mamlakatimiz Prezidenti rasmiy tashrif bilan Eronda bo‘lib qaytdi. Eron bilan O‘zbekiston o‘rtasida ko‘p asrlik tarixiy aloqalar bor. Ya’ni, xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy madaniy-tarixiy aloqalar O‘zbekiston-Eron munosabatlarini rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston rahbarining Eronga tashrifi ikki tomonlama aloqalarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga ko‘tarishi shubhasiz. Tashrif davomida O‘zbekiston-Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Albatta, ushbu hujjatlarni hayotga izchil tatbiq qilishda parlamentimizning ham alohida o‘rni bo‘lmog‘i lozim. Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida ham yaqin hamkorlik olib borilmoqda. Bu borada Eron Islom Respublikasi parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozim bo‘ladi. Parlamentlararo guruh a’zolaridan bu boradagi ishlarni doimiy nazoratga olishlarini so‘raymiz.
Shuningdek, tashrif davomida erishilgan kelishuvlarning ijrosi mas’ul vazirlik hamda idoralar tomonidan amalga oshirilishini Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi nazorat qilib borishi maqsadga muvofiq, — dedi Spiker.
Muhtarama Komilova,
O‘zA