O‘zbekiston-Eron: Paralimpiya yo‘nalishidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi
Shu kunlarda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi delegatsiyasi Eron Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikning umumiy yo‘nalishlarini o‘rganish va o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash maqsadida Tehronda bo‘lib turibdi.
Milliy paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kecha mamlakatimiz vakillari Eron Milliy paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Sayid Muhammad Poladgaran bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida ikki davlat paralimpiya tashkilotlari o‘rtasida turli yo‘nalishlarda, jumladan menejment sohasida tajriba almashish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va qo‘shma sport musobaqalarini o‘tkazish, ayollar sportini rivojlantirish, ta’lim dasturlari kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi hamda ma’lum kelishuvlarga erishildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA