Eron Savdo-sanoat, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi palatasi boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida poytaxtimizda O‘zbekiston – Eron biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning Tehrondagi elchixonasi, Savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahri hokimligi hamda Eron tomoni hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, Eron savdo-sanoat, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi palatasi prezidenti Samad Hasanzoda, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek 200 dan ziyod ikki davlat ishbilarmonlari qatnashdi.
Anjumanda sanoat, innovatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, oziq-ovqat, baliqchilik, qurilish materiallari, dori-darmon va farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika va muhandislik sohalaridagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
– Mazkur tadbir mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqani mustahkamlash uchun yanadakeng yo‘lochishiga ishonamiz, – dedi Davron Vahobov. – Biznes vakillarini bugun yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, V2V shaklidagi uchrashuvlarda faol ishtirok etishga chorlab qolamiz.
Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatni mustahkamlash o‘zaro sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishning hal qiluvchi omili ekani ayon. Shu ma’noda ayni masala anjuman kun tartibidagi asosiy mavzuga aylangani tabiiy.
Samad Hasanzoda o‘tgan davr mobaynida ikki mamlakat rahbarlarining oqilona siyosati, oliy darajadagi tashriflari natijasida savdo-sanoat sohasi rivojdangani, biznesda sog‘lom raqobat muhiti shakllanganini ta’kidladi. Ishga tushirilayotgan yirik loyihalarni tadbirkorlarimiz muvafaqqiyatli hamkorligi samarasi sifatida e’tirof etdi.
– O‘zbekiston va Eron nafaqat iqtisodiy va madaniy aloqani tobora mustahkamlayotgan, balki ko‘p asrlik umumiy tarix va madaniyat bilan bog‘langan birodar davlatlar, – dedi Samad Hasanzoda. – Nisbatan qisqa muddatda o‘zaro munosabat mutlaqo yangi ko‘rinish kasb etdi. Erishilayotgan yutuqlar o‘zaro tovar aylanmasi miqdori o‘sishida ham yaqqol namoyon.
Qayd qilinishicha, 2023 yil o‘zaro savdo 503,4 million dollarni tashkil etib, eksport 180,6, import 322 million dollarga teng bo‘lgan. Ayni payt mamlakatimizda Eron sarmoyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan 268 korxonadan 121 tasi qo‘shma, 147 tasi xorijiy.
Yig‘ilishda O‘zbekistonning Erondagi elchisi Fariddin Nasriyev va Eronning mamlakatimizdagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy ham qatnashdi.
Tadbir doirasida eng istiqbolli yo‘nalishlar, ustuvor tarmoqlar bo‘yicha respublikamizning sarmoyaviy salohiyati va tayyor loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xorijiy investitsiya jalb etish agentligi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakillari ma’ruzalari tinglandi.
Forum yakunida Eron biznes doiralari vakillari hamda Toshkent shahri ishbilarmonlari o‘rtasida V2V muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, 20 sentyabr kuni Xiva shahrida ham O‘zbekiston – Eron qo‘shma biznes-forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/iT-zBm5X42M?si=knU7U2eW-lmb89mf" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Behruz Xudoyberdiyev,
Doniyor Yakubov (video),
O‘zA