Bugun, 10 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida O‘zbekiston - Eron terma jamoalari futbol bo‘yicha 2026 yil o‘tadigan Jahon chempionatining Osiyo qit’asi saralash bosqichi doirasida “A” guruhi 3-turida kuch sinashadi.
Uchrashuv soat 19:00 da boshlanadi. Bugungi o‘yin oldidan har ikki terma jamoa 6 ochkodan jamg‘arib, guruhda yetakchilik qilmoqda.
Kecha mazkur o‘yin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Amir G‘alen, futbolchi Serdar Azmun uchrashuv ikki jamoa uchun ham qiyin bo‘lishi, O‘zbekiston yaxshi shakllangan jamoa bo‘lishiga qaramasdan, Eronga ochko bilan qaytish qat’iy niyatlari ekanini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasining hujum chizig‘i kuchli futbolchilar bilan to‘laligi, biroq Eron terma jamoasi saralash bosqichining ortda qolgan o‘yinlarida gol o‘tkazib yubormagan yagona jamoa ekani, bugungi bahsda eng yaxshi o‘yinni namoyish etishga harakat qilishini ta’kidladi.
Ko‘rinib turibdiki, eronliklarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi mustahkam. Ammo, bosh murabbiy Srechko Katanetssiz “JCH-2026” yo‘llanmasi yo‘lidagi shiddatli kurashga kirishishga hozirlanayotgan milliy terma jamoamiz a’zolari ham orzularini ro‘yobga chiqarish niyatida. Niyatning qay tarzda haqiqatga aylanishi esa so‘zsiz bugun bo‘ladigan uchrashuv natijasiga bog‘liq.

Shu o‘rinda bir gap. Futbol kombinatsion uzatmalari, chiroyli gollari bilan go‘zal. Ammo ba’zida boshqa terma jamoalar qatori hamyurtlarimiz ham chiroyli o‘yin, takrorlanmas gollar zavqini muxlislarga tortiq etadi-yu, to‘plar nisbatidagi farq bilan imkoniyatni boy beradi. Shu jihatdan, maftunkorlikka emas, natija sari intilmoq haqiqiy futbol quvonchini bag‘ishlaydi.
Eron bilan bo‘ladigan o‘yin terma jamoamizning “JCH-2026” dovonidagi asosiy bahs ekanini nazarda tutsak, biz uchun g‘alaba muhim.
Eslatib o‘tamiz, bugun JCH-2026 "A" guruhining 3-turi doirasida O‘zbekiston – Eron uchrashuvidan tashqari, BAA – KXDR va Qatar — Qirg‘iz Respublikasi ishtirokidagi bahslar ham bo‘lib o‘tadi.
Terma jamoamiz Eronga qarshi kechadigan o‘yinda oq, darvozabonimiz yashil libosda harakatlanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA