London (Buyuk Britaniya)da bo‘lib o‘tgan “World Travel Mart” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomovga 2024 yilda “O‘zbekiston–sayohat qilish uchun eng yaxshi joy” mukofoti topshirildi.
Mukofotni dunyodagi eng mashhur turistik nashriyotlardan biri “Lonely Planet” vakili topshirdi. “Lonely Planet” — sayohatlar to‘g‘risidagi yo‘lko‘rsatgich va kitoblar nashriyoti bo‘lib, u 1973 yilda Avstraliyada ochilgan va bugungi kungacha 150 milliondan ortiq kitoblar nashr qilgan.
Nominatsiyada g‘oliblikka o‘nta mamlakat da’vogarlik qildi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor edi. Mamlakatimizga Benin, Chili, Xorvatiya, Hindiston, Pokiston, Meksika, Marokash va Sent-Lyusiya davlatlari raqib bo‘ldi.

“Sayohatchilar butun O‘zbekiston bo‘ylab asrlar osha vohadan vohaga o‘tgan savdo yo‘llari izidan borishda davom etmoqda. Bir vaqtlar ravnaq topgan shaharlarni bog‘lagan tuyalar karvonlari o‘rnini tezyurar temir yo‘l va qulay ichki aviareyslar tarmog‘i bosgan bo‘lsada, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy madaniyat markazlari hali ham Ipak yo‘li davrini eslatadi”, — deya o‘z tanloviga izoh beradi “Lonely Planet”.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA.