Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston eng katta muvaffaqiyatga erishgan besh davlat qatoridan joy oldi
10:29 / 2024-03-11

Mamlakatimizda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining qabul qilinishi, ayollarga mehnat uchun erkaklar bilan teng haq to‘lanishi, xavfli hisoblangan va sanoat sohalarida mehnat qilishi bilan bog‘liq cheklovlarning olib tashlanganligi xalqaro darajada gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohot sifatida qabul qilindi. 

Jahon banki o‘zining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisobotini e’lon qildi. Unda huquqiy sohada gender tenglikka erishish yo‘lidagi jahon taraqqiyoti baholanadi. Hujjat 190 ta davlatda, jumladan, O‘zbekistonda ayollarning ahvolini 10 ta ko‘rsatkich: “xavfsizlik”, “harakatlanish erkinligi”, “bandlik”, “mehnatga haq to‘lash”, “nikoh”, “ota-onalik”, “bolalarni parvarishlash”, “tadbirkorlik”, “mulkni boshqarish” va “pensiya ta’minoti” bo‘yicha baholovchi indeksni o‘z ichiga oladi. “Ayollar, biznes va qonun” hisobotining oxirgi nashri 2022-yil 1-oktyabrdan 2023-yil 1-oktyabrgacha bo‘lgan davrda mamlakatlar qonunchiligidagi tegishli o‘zgarishlarni baholaydi. Bu davrda dunyodagi atigi 18 ta davlat yoki indeksda baholangan davlatlarning 10 foizidan kamrog‘i yuqoridagi ko‘rsatkichlar doirasida ayollarning mavqeini yaxshilagan huquqiy islohotlarni amalga oshirdi.  Ushbu 18 ta mamlakatda gender tengligiga erishishga qaratilgan 47 ta, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi beshta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston, Armaniston, Ozarbayjon, Kipr va Moldovada esa to‘qqizta shunday islohot amalga oshirilgan. Mamlakatimiz Iordaniya, Malayziya, Serra-Leone va Togo bilan birgalikda eng katta muvaffaqiyatga erishgan besh davlat qatoridan joy oldi, deyiladi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotida.  Aytish joizki, 2022-yil oktyabr oyidan buyon O‘zbekistonda xotin-qizlarning mavqeini oshirishga qaratilgan to‘rtta muhim huquqiy islohot yo‘lga qo‘yildi. 

Islohotlarning uchtasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ul bo‘lgan “mehnatga haq to‘lash” indikatori bo‘yicha amalga oshirildi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga ko‘ra ayollarga mehnat uchun erkaklar bilan teng haq to‘lanishi, xavfli hisoblangan va sanoat sohalarida mehnat qilishi bilan bog‘liq cheklovlarning olib tashlanganligi xalqaro darajada gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohot sifatida qabul qilindi va indikator ko‘rsatkichi 25 balldan 100 ballga ko‘tarilishiga sabab bo‘lgani qayd etiladi ma’lumotda.  

A.RUSTAMOV, O‘zA