So‘nggi yillarda mamlakatimizda energetika sohasini isloh qilish, mavjud generatsiya quvvatlarini modernizatsiya qilish hamda energiya tejamkor texnologiyalar asosidagi yirik dasturlarni amalga oshirish ishlari izchil davom etmoqda.
Elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortishi yuqori ishonchli, iqtisodiy samarali va ekologik jihatdan barqaror quvvatlarni barpo etishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirdi.
Shu maqsadda yirik issiqlik elektr stansiyalarida amalga oshirilayotgan qurilish va modernizatsiya ishlari mamlakat energotizimini mustahkamlash, hududlar va ishlab chiqarish tarmoqlarini barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlashga katta hissa qo‘shmoqda.
Bu jarayonda “Tolimarjon IES”da amalga oshirilgan yangi bug‘-gaz qurilmasi loyihasi mamlakat energetika strategiyasida muhim o‘rin egallab, mintaqaviy energota’minot barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ generatsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i G‘olibjon Salimyorov quyidagilarni ma’lum qildi:
–Ma’lumki, joriy yilning 5 dekabr kuni “Tolimarjon IES”da yirik quvvatli energetika loyihasi ishga tushirildi.
Mazkur loyiha Prezidentimizning 2020 yil 18 dekabrdagi “Tolimarjon IES” AJni umumiy quvvati 900 megavatdan kam bo‘lmagan ikki dona bug‘-gaz qurilmalari qurilishi orqali kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirildi.
Ta’kidlaganimizdek, 5 dekabr kuni Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan tantanali marosimda ushbu yangi energetika quvvatlari ishga tushirildi hamda navbatdagi yirik loyihalarning qurilishiga start berildi.
Marosimda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi “Tolimarjon IES”da dunyoning yetakchi kompaniyalari hamkorligida zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan 1065 MVt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmasi rasman ishga qo‘shilgani e’lon qilindi.
Qiymati 944,87 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu investitsiya loyihasi mamlakatimiz energetika tizimidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilgan doimiy e’tibor tufayli 2023 yilda boshlangan qurilish ishlari qisqa fursat ichida amalga oshirilib, yuqori texnologiyali majmua foydalanishga topshirildi.
Loyiha Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kreditlari tomonidan moliyalashtirildi. Qurilish ishlari Ispaniyaning “Intesa Ingenieria Industrial S.A.”, Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” va Turkiyaning “Çalık Energy” kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Bug‘-gaz qurilmalari ishga tushirilishi natijasida korxona yiliga 8 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Energiya tejamkor texnologiyalar qo‘llanilishi evaziga yillik 300 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Yangi majmua Samarqand va Buxoro viloyatlari iste’molchilari, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasi hamda bir qator aholi punktlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Qurilmaning ishga tushirilishi natijasida qo‘shimcha 200-250 ta ish o‘rni yaratildi. Uskunalar Yaponiya, Koreya, Xitoy va AQSHda ishlab chiqarilgan bo‘lib, to‘liq avtomatlashtirilgan boshqaruv va yuqori darajadagi energiya tejamkorlikka ega.
Loyihadagi gaz turbinalarining har biri 385 MVt, bug‘ turbinasi esa 185,7 MVt quvvatga ega. Shuningdek, ishlab chiqarilgan energiyani yagona milliy energotizimga barqaror uzatish maqsadida 500 kV kuchlanishga ega yangi ochiq taqsimlash qurilmalari ham barpo etildi.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan energetika islohotlari doirasida zamonaviy bug‘-gaz qurilmasining ishga tushirilishi elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini mustahkamlash, iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashi va aholi ehtiyojlarini qondirishda muhim qadam bo‘ldi.
Loyihaning qisqa vaqtda amalga oshirilgani, yetakchi xalqaro kompaniyalar hamkorligida zamonaviy texnologiyalar joriy etilgani energetika sohasidagi strategik maqsadlar izchil amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Yangidan ishga tushgan quvvatlar milliy energotizimni yanada barqaror va samarali qilishga xizmat qilib, mamlakatimiz iqtisodiy rivojiga katta hissa qo‘shadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA