O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi vakillari Boku shahrida energiya tejovchi sovitish tizimlariga oid yangi mintaqaviy loyihani tasdiqlash yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Ukraina delegatsiyalari qatnashib, Global ekologik fond (GEF) tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) amalga oshiradigan tashabbusni muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Loyiha sanoat, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlari hamda aholi uchun ishonchli xizmatlarni ta’minlagan holda iqlimga mos zamonaviy sovitish texnologiyalariga o‘tishni jadallashtirishga qaratilgan.
Global isish va qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish hamda savdoda sovitish uskunalariga bo‘lgan talab ortib borayotgan sharoitda mazkur sohani modernizatsiya qilish strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Uchrashuvda global isish salohiyati yuqori bo‘lgan issiqxona gazlari — gidroftoruglerodlarni bosqichma-bosqich qisqartirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Bu jarayon ekologik toza muqobil texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirib, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari uchun yangi texnologik imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, bu o‘zgarishlar katta investitsiyalar, takomillashtirilgan me’yoriy-huquqiy baza va malakali kadrlar tayyorlashni talab etadi.
Loyiha ishtirokchi mamlakatlarga milliy sovitish va konditsioner uskunalari sektorlarining ehtiyojlarini tahlil qilish, energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalarni namoyish etish, sovitkichlarni yig‘ish, qayta ishlash va xavfsiz yo‘q qilish tizimlarini takomillashtirish, shuningdek institutsional va inson resurslari salohiyatini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda amaliy yordam ko‘rsatadi.
Shuningdek, o‘quv dasturlari, bilim almashish va mintaqaviy hamkorlik tarmoqlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyiha hujjati bo‘yicha kelishuvga erishib, texnik jihatlarni aniqlashtirish hamda birgalikda moliyalashtirishni tasdiqlash kabi keyingi bosqichlarni belgilab oldi. Tashabbus Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan GEF Assambleyasida taqdim etilishi kutilmoqda. Bu esa mintaqada energiya tejamkor sovitishni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga xalqaro e’tiborni yanada kuchaytiradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA