Energetika vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, kuni kecha Londonda “Project Finance International (PFI) Award” mukofot g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
“London Stock Exchange Group” tashkil etgan ushbu marosimda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Samarqand viloyati Nurobod tumanida amalga oshirilayotgan yirik energetika mega-loyihasi “Central Asia Deal of the Year” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Mazkur loyiha tarkibiga umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi, jami 668 MVt quvvatga ega ikkita elektr energiyasini saqlash tizimi (BESS), loyihaning ishonchli faoliyatini ta’minlovchi 500 kV kuchlanishli podstansiya hamda umumiy uzunligi 441 kilometr bo‘lgan 220-500 kV elektr uzatish tarmoqlari qurilishi kiradi.
Loyihaning o‘ziga xos jihati shuki, u qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish bilan bir qatorda energiya saqlash va magistral tarmoq infratuzilmasini kompleks rivojlantirishni qamrab olgani.
Shuningdek, infratuzilma sohasidagi intellektual tahlil platformasi hisoblangan “IJGlobal (Green Street tarkibi) tomonidan taqdim etiladigan xalqaro mukofotlar doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qator strategik loyihalar ham e’tirof etildi.
Jumladan, Surxondaryo viloyati Angor tumanida Niderlandiyaning “Stone City Energy”kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan quvvati 1560 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi loyihasi hamda Buxoro viloyati Olot tumanida BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan qurilgan 250 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va 63 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimi xalqaro miqyosda yuqori baholandi.
Mazkur tashabbuslar xalqaro moliya institutlari ishtirokida moliyalashtirilgan zamonaviy infratuzilma loyihalari sifatida alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Bu esa O‘zbekistonda investitsiya muhitining ochiqligi, shaffofligi va barqaror rivojlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yirik energetika va infratuzilma tashabbuslari xalqaro moliya bozori talablariga to‘liq javob berishi, ya’ni “bankable” loyihalar sifatida baholanishi O‘zbekistonning global investitsiya maydonidagi nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, “Project Finance International” (PFI) loyihasi moliyalashtirish, infratuzilma va davlat-xususiy sheriklik (DXSH) sohalariga ixtisoslashgan yetakchi xalqaro nashrlardan biridir.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA