Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston energetika forumi soha vakillarini bir maqsadga birlashtiradi
15:26 / 2022-06-14

Joriy yilning 23-24 iyun kunlari poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida O‘zbekiston energetika forumi – UEF 2022 bo‘lib o‘tadi.

Energetika vazirligi tomonidan va "Iteca Exhibitions" xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi tashkiliy ko‘magida o‘tkaziladigan mazkur tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Qozog‘iston, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSH, Fransiya, Yaponiya davlatlaridan tegishli davlat tuzilmalari, yetakchi xalqaro neft-gaz va energetika kompaniyalari, moliya institutlari vakillari, xalqaro ekspertlar, ilmiy-tadqiqot sohasi vakillari ishtirok etadi.

"Iteca Exhibitions" xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyevaning qayd etishicha, ushbu forum shu yilning 18-20-may kunlari Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tgan «OGU 2022», «Power Uzbekistan 2022» xalqaro ko‘rgazmalari, «GETCA 2022» ixtisoslashtirilgan bo‘limi kabi «Energetik tadbirlar bloki»ning mantiqiy davomidir.

– Forum davomida ahamiyatli voqea – Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning energetika vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, – dedi N.Hayitboyeva. – Shuningdek, forum dasturida «O‘zbekiston neft va gazi – OGU» anjumani va ikkinchi xalqaro energetika anjumanini o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Asosiy maqsad jahon energetika hamjamiyatining konstruktiv fikr almashish, yoqilg‘i-energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va O‘zbekistonning mintaqaviy energetika tizimiga integratsiyalashuvidir. Unda global miqyosda toza va barqaror energiyaga o‘tishdan neft va gaz sanoatini raqamlashtirishga, elektr sektorini o‘zgartirish va investitsiyalarni jalb qilishdan atom energiyasiga qadar keng qamrovli mavzular qamrab olingan.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston o‘z resurslari hisobidan elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlangan dunyoning sanoqli davlatlaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda energetika sohasini yanada takomillashtirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta’minlash konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA