Poytaxtimizda “O‘zbekiston energetika bozori” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Buyuk Britaniyaning “Confidence Information Services” kompaniyasi tashabbusi va “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining ko‘magida o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mahalliy va xorijiy mutaxassislar, yirik kompaniyalar rahbarlari, ekspertlar hamda investorlar qatnashib, energetika sohasidagi dolzarb masalalar, global tendensiyalar va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Qayd etilganidek, anjumanning asosiy maqsadi mamlakat energetika bozoridagi holatni tahlil qilish, mavjud muammolarni muhokama etish hamda istiqbolli yo‘nalishlarni belgilashdan iboratdir.

“O‘zbekneftgaz” AJ vakillari anjumanda faol ishtirok etib, mahalliylashtirish, importni kamaytirish va ichki ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish borasidagi tajribasini taqdim qildi. Unda texnologik jihozlar va butlovchi qismlar importiga bog‘liqlikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, jamiyatning neft mahsulotlari bozoridagi o‘rni, ishlab chiqarish quvvatlari, modernizatsiya jarayonlari, logistika tizimi hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish strategiyasi keng muhokama qilindi.
Anjuman doirasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida amalga oshirilayotgan chuqur qayta ishlash loyihalari haqidagi taqdimot ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu bilan birga, “Astara Trans Service”, “Altyn Trans”, “Oiltech Service”, “G MAX Energy Consulting” kabi kompaniyalar rahbarlari ham so‘zga chiqib, energetika sohasidagi islohotlar, investitsiya loyihalari va mamlakatdagi biznes muhiti yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Jamiyat axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, anjuman doirasida energetika tarmog‘ini yanada samarali va barqaror rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar muhokamasiga ham urg‘u berildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA