O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni maqsad qilar ekan, albatta o‘zining mustahkam, tizimli ichki mahsulot ishlab chiqarishiga ega bo‘lishi va raqobatbardosh sanoati bilan tashqi bozorlarga kirib borishi lozim. Shu bilan birga, eng avvalo, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz ham jahondagi yetakchi brendlar bilan kuchli raqobatga tayyor bo‘lishi kerak.
Ayniqsa, kompyuter va boshqa gadjetlar savdosi tez taraqqiy etib borayotgan bir davrda mamlakatimizda ushbu turdagi mahsulotlarning mahalliylashtirilishi elektrotexnika sanoati rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Bu yo‘nalishda tadbirkorimiz tomonidan mahalliy bozorga eng so‘nggi rusumdagi kompyuter va monoblok uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilishi quvonarli xol albatta.
- Xitoy va Tayland tadbirkorlari bilan kompyuter monobloklarining korpus qismini tayyorlash liniyalarini ishga tushirdik, - deydi korxona rahbari Alisher Xo‘jamberdiyev. – Endi Yaponiyadan bularning ichki xotirasini ishlab chiqarish liniyasini ham olib kelib o‘rnatmoqchimiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gx5mX6iwnis" title="Oʻzbekiston elektrotexnika sanoati raqobatga tayyormi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Aytish kerakki korxona avvallari shaxsiy kompyuter, monoblok, planshet kabi mahsulotlarni yig‘ish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ushbu yuqori texnologik mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali o‘zimizda ishlab chiqarishni boshlab yubordi.
Tashkil etilgan vaqtda 4 nafar ishchi bilan ish boshlagan korxonada hozirda 30 nafarga yaqin yurtdoshlarimizning bandligi ta’minlangan. Korxona rahbarining ta’kidlashicha, yaqin vaqtlar ichida yana 10 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Hozirda tadbirkor o‘z mahsulotlari bilan qo‘shni mamlakatlardagi ko‘rgazmalarda ishtirok etishni ham boshlab yuborgan. Xususan, joriy yil Tojikistonda o‘tkazilgan ko‘rgazmada ilk mahsulotlari namoyish qilinib, eksport shartnomalarini ham tuzdi.
Ushbu maqsadlarga erishishda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan tadbirkorga yetarlicha ko‘mak berib kelinmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA