Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari ilk bor “Wire and Tube Fair-2022”da
12:02 / 2022-06-18

Joriy yil 20-24 iyun kunlari Germaniyaning Dyusseldorf shahrida Yevropaning eng nufuzli “Wire and Tube Fair-2022” – sim va quvurlar xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

1986 yildan beri tashkil etib kelinayotgan ushbu xalqaro tadbir kabel simi va turli quvurlar ishlab chiqarish salohiyati namoyish etiladigan dunyodagi eng nufuzli ko‘rgazmalardan biridir.

Bu yil dunyoning 60 ga yaqin mamlakatidan 1 ming 800 dan ziyod korxona ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan mazkur tadbir nafaqat mutaxassislar, balki Germaniya va Yevropaning turli shaharlaridan kelgan havaskorlarning ham diqqat markazida bo‘ladi. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rgazmani 50 mingdan ziyod tomoshabin kuzatishi kutilyapti.

Ma’lumki, elektrotexnika sanoati O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim “drayver”laridan biri sifatida rivojlanish tendensiyasiga mansub ildamlamoqda. Zamonaviy asbob-uskuna bilan jixozlangan, xalqaro bozor talabiga javob bera oladigan sifatli maxsulotlar ishlab chiqaruvchi milliy korxonalarimizning soni borgan sari ortib, eksport imkoniyati kengaymoqda.

Shu o‘rinda qayd etish joiz, faqat kabel bozorining yillik hajmi 2021 yil holatiga ko‘ra, 55 milliard dollarni tashkil etgan. Yevropa mamlakatlari milliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun eksportbop bozor hisoblanadi. Aynan ko‘hna qit’a importi jahon kabel bozorining 38 foizini qoplaydi.

Shuning uchun milliy elektrotexnika sanoati mahsulotlari eksport geografiyasini kengaytirish, Germaniyaning ilg‘or texnologik korxonalari bilan manfaatli hamkorlik qilish rejalashtirilgan. “Wire and Tube Fair-2022”da “O‘zeltexsanoat” uyushmasi va mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida 10 ga yaqin O‘zbekiston korxonasi birinchi marta markazlashgan namoyish stendi bilan ishtirok etayotgani ayni maqsadga xizmat qiladi.

Anjuman doirasida sarmoya va eksport imkoniyatini kengaytirish maqsadida qator “V2V” shaklildagi uchrashuvlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Qolaversa, Yevropaning qator korxonalarini O‘zbekistonga keng jalb etiladi, eksport shartnomasini ko‘paytirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi.

Bu jarayonda 2021 yil “GSP+” tizimi doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotni Yevropa Ittifoqi hududga bojsiz eksport qilish imkoni yaratilgani, o‘z navbatida, elektrotexnika sanoati korxonalarining ham Yevropa bozoriga erkin kirib borishi kafolatlangani muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan ushbu imtiyoz va mamlakatimizda xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulaylik Yevropa korxonalarida jiddiy qiziqish uyg‘otmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur nufuzli ko‘rgazma O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari uchun Yevropa bozoriga kirib olish uchun ayni muddao.

O‘zA