Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston elchisi Livan Prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirdi
21:51 / 2025-09-05

O‘zbekistonning Livanga yangi tayinlangan elchisi, qarorgohi Masqat shahrida joylashgan Abdusalom Hotamov ushbu mamlakat Prezidenti Jozef Aunga ishonch yorlig‘ini topshirdi.

Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida davlat rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Livan bilan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish maqsadida elchi tayinlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va mamlakatimiz yetakchisiga ezgu salomlarini yo‘lladi.

Elchimizning tashqi ishlar vaziri Yusuf Rajjiy bilan uchrashuvida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdorliklarini bildirish barobarida o‘zaro turli darajada tashriflar tashkil qilish, madaniyat kunlarini o‘tkazish, sayyohlar oqimini tezlashtirishga qaratilgan tadbirlar uyushtirish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.

Livan axborot agentligi “Nna-leb” xabar berishicha, Parlament spikeri Nabi Boriy ham Ayn Al-Tinohdagi ikkinchi prezidentlik qarorgohida O‘zbekistonning norezident elchisini qabul qilgan. Mazkur uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarni, jumladan, qonunchilik sohasida ham rivojlantirish yo‘llarini muhokama qilish uchun imkon yaratdi. Muloqotda spiker maslahatchisi doktor Mahmud Boriy ham ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, Abdusalom Hotamov 2024 yil 4 fevral kuni Maskat shahrida O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi sifatida faoliyat boshlagan. Mart oyida O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidga ishonch yorlig‘ini topshirgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA