Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Ekologik partiyasining s’ezdi Prezidentlikka nomzodni tasdiqladi
16:27 / 2021-08-27

Toshkent shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasining III s’ezdi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy kengash a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, hududlardan saylangan delegatlar, partiya faollari hamda OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda shu yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi hamda Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

S’ezdda saylov milliy saylov qonunchiligining yangi tamoyillari, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida ochiq va shaffof o‘tkazilishi, saylov kampaniyasi davrida barcha siyosiy partiyalar va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar uchun sog‘lom raqobat muhiti, teng sharoit yaratilishi hamda prezident saylovida O‘zbekiston Ekologik partiyasi birinchi marta ishtirok etayotgani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod etib partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodovni ko‘rsatish taklifi ko‘rib chiqildi.  

S’ezdda nomzod masalasi bo‘yicha bir qator fikr-mulohazalar tinglandi. Muhokamalardan so‘ng O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga N.Oblomurodovni nomzod sifatida ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi.

Partiya s’ezdida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Saylovoldi dasturi muhokama qilindi.

– Biz kelajak uchun javobgarmiz” degan hayotbaxsh g‘oya O‘zbekiston Ekologik partiyasi mafkurasining asosiy yo‘nalishi sanaladi, – deydi Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov. – Bu g‘oyani amalga oshirishda, qolaversa, izchil ekologik siyosatni olib borish va siyosiy tashabbuslarni tadbiq etishda, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof muhit va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, ekologik muammolarni hal etishda, tizimli o‘zgarishlarga yo‘naltirilgan amaliy choralarni ko‘rishda partiyaning prezidentlik saylovida ishtirok etishi nihoyatda muhim voqea hisoblanadi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkil qilinganiga endi ikki yarim yil bo‘lsa-da, hozirga kelib uning a’zolari soni salkam yarim millionga yetdi. Bu ham xalqimizning ekologiya, tabiat, atrof muhit masalalariga, ekopartiya g‘oyalariga befarq emasligidan dalolatdir. Partiyamiz ilgari surayotgan ekologik masalalar jamiyatimizning buguni va ertangi kuni uchun ahamiyatli hamda dolzarb ekanligi bois ham o‘z ixtiyori bilan, ongli ravishda biz targ‘ib qilayotgan islohotlarning mohiyatiga tushinib safimizga qo‘shilayotgan turli soha vakillari juda ko‘p.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi ilk bor O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etmoqda. Mamlakat hayotida katta voqea hisoblangan bu siyosiy jarayonda partiyaning ishtirok etishi, mamlakatimizning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog‘liq bo‘lgan eng muhim tashabbuslarni ilgari surish, birinchi navbatda, ekologik holatni yaxshilash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish, o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Partiya “Yashil taraqqiyot – farovonlik asosi!” shiori ostida yashil iqtisodiyotni rivojlantirish g‘oyasini ilgari surmoqda. “Yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida mamlakatni jadal rivojlantirishga keng tadbiq etishning qayta tiklanuvchi va muqobil energiya huquqiy asoslarini ishlab chiqish hamda tejamkor sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish choralari ko‘riladi.  

Bu esa mamlakat miqyosida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini o‘rtacha 25-30 foizgacha oshirish imkonini beradi.

Ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish, ya’ni dunyo miqyosida tobora global muammoga aylanayotgan maishiy va sanoat chiqindilarini tartibga solish partiyaning ustuvor vazifasidan biri bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sanoat korxonalarida yiliga o‘rtacha 109 million tonna sanoat chiqindilari hosil bo‘ladi, bugungi kunda ularning 6,5 million tonnasi, ya’ni 6 foizigina qayta ishlanmoqda.

Delegatlar nomzodning Saylovoldi dasturida partiyaning ustuvor vazifalari partiyaning tuman, shahar va shuningdek, hududiy tashkilotlari hamda faollari tomonidan berilgan takliflar o‘z ifodasini topganini e’tirof etishdi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Saylovoldi dasturi bir ovozdan ma’qullandi.

S’ezd kun tartibidagi boshqa masalalar bo‘yicha hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari oldiga tegishli vazifalar qo‘yildi. Partiyaning saylov kampaniyasini uyushqoqlik bilan o‘tkazishni ta’minlash borasida bir qator vazifalar belgilandi.  

S’ezd so‘nggida muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA