Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Ekologik partiyasi 7 yoshda
11:37 / 2026-01-08

Bu yil O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkil etilganiga 7 yil to‘ldi.

Partiya tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2018 yil 14 noyabrda O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatda tabiiy resurslarni tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, davlat va jamiyat hayoti uchun muhim ustuvor yo‘nalish hisoblangan ekologik siyosat bilan shug‘ullanuvchi partiya tuzish bo‘yicha shakllantirilgan 100 nafardan iborat tashabbuskor guruh tomonidan chaqirilgan. 2019 yil 8 yanvarda bo‘lib o‘tgan partiya S’ezdida ta’sis etilgan.  

O‘sha s’ezdning o‘zida partiyaning Ustavi va Dasturi loyihalari, Markaziy Kengashi a’zolarini saylash, Markaziy nazorat taftish komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomi, Matbuot organini ta’sis etish hamda partiyaning vakolatli vakillarini saylash kabi masalalar ko‘rib chiqilgan. 2019 yil 22 yanvarda esa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan.

O‘tgan qisqa fursat ichida yashillar partiyasi 600 mingdan ziyod a’zolarni o‘z atrofida birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Bugun partiya faollari, tarafdorlari va deputatlari eng muhim masalaga aylanib borayotgan atrof-muhit muhofazasi, ekologik muammolarni bartaraf etish yo‘lida mehnat qilib kelmoqda, muayyan tashabbuslarni, hayotiy loyihalarni amalga oshirmoqda.  

Partiya o‘tgan vaqt mobaynida atrof-muhitni asrash va aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish yo‘lida olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 16 nafar, mahalliy Kengashlarda 762 nafar deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi. Bugun mazkur deputatlik birlashmalari partiyaning asosiy maqsad va vazifalari bo‘lgan mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga, ekologik xavfsizligiga erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhitni yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni ta’minlashga ko‘maklashib kelmoqda.  

Bugungi kunda partiya atrof-muhit holatini yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni kompleks hal etishga yo‘naltirilgan dastur va harakatlar strategiyasini shakllantirish va ilgari surishda faollik ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, aholining sog‘lig‘ini saqlash va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surmoqda.  

Ekologik muammolar kun sayin avj olayotgan bir paytda partiya mamlakatning ekologik siyosatini amalga oshirishda kamarbasta bo‘layotgani bugunimiz va ertamizni ekologik xavfsiz muhitga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Muhtarama Komilova,  

O‘zA